«Yaponiya Oʻzbekistondan qancha hamshirani tayyorlay olsak, shunchasini qabul qilishga tayyor» — prezident
Yaponiya Oʻzbekistondan hamshiralarni jalb qilishdan manfaatdor, dedi prezident. U yapon tilini hali maktablardanoq oʻrgatishni taklif qildi. Davlat rahbari fuqarolarni xorijga yuborishdan oldingi kasbiy va til tayyorgarligining yetarli emasligiga, shuningdek, ularning vositachilarga qaramligiga eʼtibor qaratdi.

«Yaponiya Oʻzbekistondan qancha hamshira tayyorlay olsak, shuncha qabul qilishga tayyor» — prezident
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda Yaponiyada tibbiyot xodimlarini ishga joylashtirish imkoniyatlariga eʼtibor qaratdi.
Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, Yaponiya tomoni koʻp sonli hamshiralik ishi boʻyicha mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan prezident boʻlajak xodimlarni oldindan tayyorlashni, shu jumladan ularga maktab yoshidanoq yapon tilini oʻrgatishni taklif qildi.
«Yaponiya qancha hamshira tayyorlay olsak, shuncha kerakligini aytmoqda. Keling, maktablarda ushbu sohada ishlash salohiyatiga ega boʻlgan yoshlarga yapon tilini oʻrgataylik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident xorijda ishga joylashishga tayyorgarlik nafaqat chet tillarini oʻrganishni, balki talab yuqori boʻlgan kasbni egallashni ham oʻz ichiga olishi kerakligini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, hozirda koʻplab fuqarolar xorijga yetarlicha tayyorgarliksiz ishga ketmoqda, buning oqibatida vositachilarga qaram boʻlib qolmoqda.
«Migrantlarimiz vositachilarga qaram boʻlib qoldi. Bu qancha davom etishi mumkin? Xorijga yuborilayotgan odamlarda til bilimi ham, kasbi ham, malakasi ham yoʻq», — dedi prezident.
Mirziyoyev, shuningdek, texnikumlar faoliyatining samaradorligi pastligini tanqid qildi.
«Barcha viloyatlarda katta binolarni egallagan texnikumlar bor. ular mamlakatga va odamlarga qanday naf keltirmoqda? Texnikum direktorlari katta maosh oladi, ammo natija qani?» — dedi davlat rahbari.
U xorijiy ish beruvchilar mutaxassislarni bevosita Oʻzbekistonning oʻzida tayyorlashda ishtirok etishga tayyorligini qayd etdi.
«Germaniya va Yaponiya kabi davlatlar texnikumlar uchun oʻquv dasturlarini oʻzi ishlab chiqishga va zarur sharoitlarni yaratishga tayyorligini aytmoqda. Biz esa bu imkoniyatlardan foydalanmayapmiz», — deb taʼkidladi Mirziyoyev.
Prezident 9−11-sinf oʻquvchilarining chet tillarini oʻrganishi va kasbiy tayyorgarligiga koʻproq eʼtibor qaratishni taklif etdi.
Uning soʻzlariga koʻra, maktabni tugatish arafasida yoshlar kamida bitta chet tilini mukammal bilishi va zarur kasbiy koʻnikmalarni egallashi kerak.
Yigʻilish davomida, shuningdek, bir oy muddatda 2027 yildan boshlab xorijiy ish beruvchilar, shu jumladan Yaponiya, Germaniya va Janubiy Koreya kompaniyalari talablari boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan 20 ta texnikumni saralab olish topshirildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari diplomatik vakolatxonalarning xorijga ishga ketayotgan fuqarolarni kuzatib borish boʻyicha masʼuliyatini oshirishni talab qildi.
«Endi elchilar faqat fuqarolarni ishga joylashtirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular migrantlar xorijga yetib borgan paytdan boshlab, ularning ishga joylashishi va yangi mamlakatda moslashishigacha boʻlgan butun jarayon uchun javob beradi», — dedi prezident.
Oʻzbekiston va Yaponiya uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida, shu jumladan zarur kasbiy va til koʻnikmalari mavjud boʻlganda xorij fuqarolariga Yaponiyada ishlash imkonini beruvchi Specified Skilled Worker (SSW) dasturi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirmoqda.
2025 yilda Oʻzbekiston Migratsiya agentligi Yaponiyaning Japan-China-Asia Medical Educational Cultural Exchange (JCAEMCE) tashkiloti bilan besh yil davomida 10 ming oʻzbekistonlikni Yaponiyada tayyorlash va ishga joylashtirishni nazarda tutuvchi bitim imzolagan edi.
Loyiha doirasida Toshkent, Samarqand va Namanganda yapon tilini oʻrgatish va malaka imtihonlariga tayyorlash boʻyicha oʻquv markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan edi.
2026 yil aprel oyida prezidentga oʻtkazilgan taqdimotda Yaponiyaga qurilish, logistika va xizmat koʻrsatish sohalarida 15 ming mutaxassis zarurligi maʼlum qilingan edi. Oʻshanda Andijon, Samarqand, Fargʻona va Toshkent tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni xalqaro kasbiy va til imtihonlariga tayyorlash boʻyicha maxsus kurslar tashkil etish rejalari eʼlon qilingan edi.
Avgust oyida Migratsiya agentligi Onodera User Run kompaniyasi bilan hamkorlikda Yaponiyada bepul oʻqitish va ishga joylashtirish dasturini eʼlon qildi.
U 18 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan, odamlarni parvarish qilish va umumiy ovqatlanish sohasida ishlashni xohlovchi fuqarolar uchun moʻljallangan. Saralashda hamshiralik ishi yoki ovqatlanish sohasida ish tajribasiga ega nomzodlarga afzallik beriladi.
Dastur yapon tili va kasbiy koʻnikmalarni olti oylik oʻqitishni, tayyorgarlik davrida bepul yashashni, viza rasmiylashtirishni va ishga joylashishda koʻmaklashishni nazarda tutadi. Eʼlon qilingan dastur boʻyicha boshlangʻich ish haqi oyiga 1500−1600 dollarni tashkil etadi, ish vaqtidan tashqari mehnat uchun qoʻshimcha toʻlov koʻzda tutilgan.
Sentyabr oyida Migratsiya agentligi Toshkentda Onodera User Run va Willer Express bilan hamkorlikda parvarishlash, umumiy ovqatlanish va haydovchilik xizmatlari sohalarida kadrlar tayyorlash dasturlari amal qilmoqda.
Idora maʼlumotlariga koʻra, Yaponiyaning Onodera User Run, Proud Partners va Orion Computer kompaniyalari bilan loyihalar doirasida kamida 576 ta ish oʻrni yaratilgan, 200 dan ortiq oʻzbekistonlik esa Shimizu qurilish korporatsiyasi obʼyektlarida ishlagan.
Yaponiyada tibbiy yordam koʻrsatadigan tibbiyot hamshiralari hamda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarish qiluvchi xodimlar oʻrtasida farq mavjud.
Yaponiya hamshiralar assotsiatsiyasi maʼlumotlariga koʻra, aynan tibbiyot hamshirasi boʻlib ishlashni xohlovchi xorijiy mutaxassislar Yaponiya davlat malaka imtihonini topshirishlari va mahalliy litsenziyani olishlari shart. Xorijiy diplomning oʻzi hamshira boʻlib ishlash huquqini bermaydi.
Specified Skilled Worker dasturi boʻyicha parvarishlash sohasida ishlash uchun boshqa talablar amal qiladi. Yaponiya Immigratsiya xizmati maʼlumotlariga koʻra, nomzodlar kasbiy koʻnikmalarini tasdiqlashlari, yapon tilini kamida JLPT N4 darajasida bilishlari yoki muqobil til testini topshirishlari, shuningdek, kasbiy yapon tili boʻyicha maxsus imtihondan oʻtishlari kerak. Xodimlarning alohida toifalari uchun istisnolar koʻzda tutilgan.
Yaponiya hukumati 2024 yil aprelidan 2029 yil martigacha boʻlgan besh yillik davrda parvarishlash boʻyicha 135 minggacha xorijiy mutaxassis qabul qilishni nazarda tutmoqda. Bu turli mamlakatlardan keladigan xorijiy xodimlar uchun umumiy koʻrsatkich boʻlib, Oʻzbekiston uchun kvota hisoblanmaydi.

