Yaponiya noqonuniy yashagani uchun oʻzbekistonlikni deportatsiya qildi
Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi Oʻzbekiston fuqarosini viza muddati tugaganidan keyin mamlakatda noqonuniy boʻlib turgani uchun deportatsiya qildi.

Yaponiya oʻzbekistonlikni noqonuniy yashagani uchun deportatsiya qildi
Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarosini respublikaga deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi xabar bermoqda.
Diplomatik vakolatxona aniqlik kiritishicha, deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kelgan, soʻngra viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda qolgan va keyinchalik rasmiy idoralar tomonidan qoʻlga olingan.
Elchixona talabalik vizasi oʻqish uchun moʻljallangani va undan pul topish vositasi sifatida foydalanish mumkin emasligini eslatib oʻtdi. Noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat faoliyati aniqlangan taqdirda, qoidabuzarlarga nisbatan qatʼiy choralar — politsiya tomonidan ushlab turish va hibsga olish, immigratsiya markaziga joylashtirish hamda deportatsiya qilish choralari qoʻllaniladi. Yaponiya hukumati qoidabuzarlar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston hukumatiga taqdim etadi, shundan soʻng vataniga qaytganlarga nisbatan tegishli choralar koʻrilishi mumkin. Diplomatik vakolatxona fuqarolarni oʻta ehtiyotkor boʻlishga va «Yaponiyada ishlash mumkin» degan takliflarga ishonmaslikka chaqirdi.
Bundan tashqari, elchixona Yaponiyada qochqinlik maqomini olish uchun ariza topshirish «mamlakatda uzoq vaqt qolish» yoki «ishlash» imkonini beradi, degan keng tarqalgan notoʻgʻri tushunchaga eʼtibor qaratdi. Bu maqsadda bunday ariza topshirish mumkin emas: agar qochqinlik maqomini berish rad etilsa, ariza beruvchi immigratsiya markaziga joylashtirilishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin. Qochqinlik maqomi toʻgʻrisida ariza topshirishda yolgʻon maʼlumotlar taqdim etish yoki firibgarlik usullaridan foydalanish jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

