Yaponiya kompaniyalari uchun Oʻzbekistonda sanoat parki ochilishi mumkin
Oʻzbekistonda Yaponiya biznesi ishtirokida qoʻshma sanoat parki tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Oʻzbekiston diplomatlari bu borada Yaponiyaning Sumitomo Corporation savdo-investitsiya kompaniyasi rahbariyati bilan muzokara oʻtkazdi.

Yaponiya kompaniyalari uchun Oʻzbekistonda sanoat parki tashkil etilishi mumkin.
«Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, uchrashuvda Yaponiya tomoniga kompaniya departamenti direktori Yoshikazu Nishikava rahbarlik qilgan.
Muzokaralarda yetakchi ishlab chiqaruvchilar uchun qoʻshma sanoat parkini yaratish imkoniyatlari muhokama qilingan. Sumitomo Corporationning tajribasi va salohiyati orqali Yaponiyadan qoʻshimcha investitsiyalar jalb etish hamda sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston diplomatlari mamlakatda energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham maʼlumot bergan.
Tomonlar strategik sheriklikni rivojlantirish hamda Yaponiya biznesi ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish muhimligini qayd etgan.
Uchrashuv yakunida amaldagi loyihalar boʻyicha ishlar jadvali muvofiqlashtirilgan. Shuningdek, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga kelishib olingan.
Sanoat parkini tashkil etish masalasi hozircha muhokama bosqichida qolmoqda. Xabarda uning joylashuvi, investitsiya hajmi yoki ishga tushirish muddati keltirilmagan.
Sumitomo Corporation 1919-yilda Yaponiyada tashkil etilgan. Kompaniya sanoat, infratuzilma, energetika, transport va shaharsozlik yoʻnalishlarida faoliyat yuritadi.

