Yaponiya kompaniyalari Toshkentdagi uylarni boshqarmoqchi
Qayd etilishicha, yapon investorlari hozirning o‘zida Xorazm viloyatidagi qariyb 50 ta boshqaruvsiz ko‘p qavatli uyda

Yaponiyaning bir qator kompaniyalari Toshkentdagi uylarni boshqarish istagini bildirdi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva yapon kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.
Uchrashuvda ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish hamda zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, yapon investorlari hozirda Xorazm viloyatida boshqaruvsiz qolgan 50 ga yaqin ko‘p qavatli uyda kompleks ta’mirlash ishlarini olib bormoqda va zamonaviy boshqaruv xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda.
Bundan tashqari, Yaponiya kompaniyalari Toshkent shahridagi boshqaruvsiz ko‘p qavatli uylarni o‘z boshqaruviga olish, uy-joy fondini boshqarishda yapon tajribasi va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi.
Tomonlar ushbu sohada uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini xalqaro standartlar asosida oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

