Yangi Toshkent aeroporti qurilishi munosabati bilan 7 ta qabriston ko‘chiriladi

Yangi Toshkent aeroporti qurilishi sabab 7 ta qabriston ko‘chiriladi
Toshkent viloyatida Yangi Toshkent xalqaro aeroporti barpo etiladigan hududda joylashgan, faoliyati allaqachon to‘xtagan 7 ta qabristonni ko‘chirish belgilandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimining 15-sentyabrdagi qarorida ma’lum qilingan.
Qarorga muvofiq, ko‘chiriladigan qabristonlarning 2 tasi Quyi Chirchiq, 5 tasi esa O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan.
“Sergeli” MFYdagi “Sergeli bolalar” va “Koreys” qabristonlari,
“Yangiyo‘l” MFY hududidagi “Suvon bag‘ish” va “Qudoyqul” musulmon qabristonlari, “Qudoyqul” va “Sariktepa” koreys qabristonlari hamda “Boris” rus xristian qabristoni ko‘chiriladi.
Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qabristonlarda dafn ishlari ko‘p yillar avval to‘xtatilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2026-yil 10-aprelda bu borada xulosa bergan. Unga ko‘ra, marhumlar jasadlari tuproqqa aylangan bo‘lishi ehtimoli mavjud qabriston hududlaridan belgilangan tartibda foydalanish mumkin.
Qabrlar ochilganda suyak qoldiqlari topilsa, ular ehtiyotkorlik bilan yig‘ilib, boshqa qabristonlarga qayta dafn etiladi. Ko‘chirish ishlari sanitariya-epidemiologiya, ekologik, arxitektura, diniy va jamoatchilik talablariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Qarorda qabrlar qaysi qabristonlarga ko‘chirilishi ham belgilangan:
- “Sergeli bolalar” qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar “Shardara” qabristoniga;
- “Koreys” qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar Sergeli mahallasidagi rus-koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
- “Suvon bag‘ish” va “Qudoyqul” musulmon qabristonlaridan eksgumatsiya qilingan qabrlar Yangiyo‘l mahallasidagi “Zaynab ona” qabristoniga qayta dafn etiladi.
- “Qudoyqul” va “Sariktepa” koreys qabristonlari hamda “Boris” rus xristian qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar esa Taraqqiyot mahallasidagi koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
Qayta dafn etish ishlari diniy urf-odatlarga muvofiq bajarilishi belgilangan.
Qabristonlarni ko‘chirish, qayta dafn etish, hududlarni tayyorlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Xarajatlarni Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasi doirasidagi xususiy sherik qoplashi belgilangan.
Avvalroq Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi sabab hududdagi aholini ko‘chirish va ularga kompensatsiya to‘lash rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

