Yangi soliq kuchga kirishi bilan veyplar narxi oshadi
Mahsulotlarga joriy etiladigan yangi soliq tufayli veyping qimmatlashish arafasida turibdi.

Yangi soliq kuchga kirishi bilan veyplar narxi oshadi
Hukumat veypingni qimmatroq va yoshlar uchun kamroq jozibador qilishga harakat qilmoqda
Veyplarning narxi yangi soliq kuchga kirishi bilan oshishi kutilmoqda, bu chora veypingni bolalar va yoshlar uchun kamroq jozibador qilishga qaratilgan.
Veyping mahsulotlari boji 10 ml elektron suyuqlik uchun 2,20 funt sterling miqdorida undiriladi. Shunga qaramay, koʻplab xaridorlar yuqori narxlarni darhol sezmasliklari mumkin, chunki sotuvchilarga mavjud zaxiralarni boj toʻlangunga qadar boʻlgan narxda sotib tugatish uchun olti oy vaqt beriladi.
Hukumatning taʼkidlashicha, veyplarning sogʻliqqa, ayniqsa bolalar va yoshlar oʻrtasida zararli taʼsiri haqida koʻproq dalillar paydo boʻlayotgan bir paytda, ularning narxini oshirish orqali veyplarga boʻlgan qiziqishni jilovlamoqchi.
Veyping sanoati ushbu soliqqa qarshi kampaniya olib borib, arzon veyplar chekuvchilarga odatni tashlashga yordam berishini taʼkidlamoqda.
Boj tarkibida nikotin bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, barcha veyping mahsulotlariga tatbiq etiladi.
Payshanba kuni tamaki bojlari ham har 100 ta sigaret yoki 50 g tamaki uchun 2,20 funt sterlingga oshirildi. Qirollik daromadlari va bojxona boshqarmasi (HMRC) bu chekuvchilarning veypingga oʻtishi uchun moliyaviy ragʻbatni saqlab qolishini bildirdi.
19 yoshli Makenzi Byord uch yildan beri muntazam ravishda veyp chekadi. U boj joriy etilishiga «norozi emasligini» va bu uni veyp chekishdan toʻxtata olmasligini aytdi.
«Bu aslida qancha odamni qaytara olishini bilmayman», dedi u.
«Men, ehtimol, shunchaki zaxira qilib olaman».
Bundan farqli oʻlaroq, Kara Lyuis-Rayms va Dilan Killner yuqori narxlar tufayli bu odat haqida yana bir bor oʻylab koʻrishlari mumkinligini aytishdi.
Karaning fikricha, oʻzgarishlar yashash tannarxi tufayli veyp chekuvchilarni xarajatlarni qisqartirishga majbur qiladi.
Dilan esa bu odatni butunlay tashlash fikri paydo boʻlishi mumkinligini aytdi.
«Bu menga biror foyda keltiryapti deb oʻylamayman... buning ustiga sogʻliq bilan bogʻliq omil ham yaxshi emas».
HMRC shuningdek, taʼminot zanjiri boʻylab kuzatilishi mumkin boʻlgan veyping mahsulotlari uchun marka joriy etmoqda.
Buyuk Britaniyada sotiladigan barcha veyplar aprel oyidan boshlab ushbu markaga ega boʻlishi kerak.
Yangi soliq, shuningdek, Buyuk Britaniya koʻchalarida tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan noqonuniy savdoga qarshi kurashishga qaratilgan.
Oʻtgan oyda bosh vazir mahalliy kengashlarga markaziy koʻchalarning tanazzulga yuz tutishi, jumladan veyp doʻkonlari soni bilan kurashish uchun yangi vakolatlar berilishini eʼlon qilgan edi.
Angliyadagi rejalashtirish qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar shuni anglatadiki, elektron sigaretlar yoki veyplar sotadigan har bir yangi doʻkon ochilishdan oldin mahalliy kengashdan ruxsat olishi kerak boʻladi.
Sogʻliqni saqlash vaziri Karin Smit shunday dedi: «Bu chora-tadbirlar veyping mahsulotlarining hamyonbopligini kamaytirish orqali yoshlar oʻrtasida veypingga qarshi kurashish borasidagi maqsadimizda muhim qadamdir, bu esa koʻchalarimizda veyplarning jozibadorligi va mavjudligiga qarshi kurashish boʻyicha olib borayotgan ishlarimiz bilan uzviy bogʻliqdir».
Gʻaznachilik moliyaviy kotibi Jeyms Myurrey hukumat «qoidalar boʻyicha ish yuritadigan barcha chakana savdogarlarni qoʻllab-quvvatlashini» aytdi.
Ammo Berkshire Vapers doʻkoni sotuvchisi Jordan Apapning aytishicha, yangi soliq veyp sotadigan oddiy doʻkonlar va telefon doʻkonlariga qaraganda koʻproq ixtisoslashgan maslahat va xizmatlarni taklif qiladigan «qonuniy veyp doʻkonlariga katta bosim oʻtkazadi».
«Bir-ikki yil ichida faoliyatimizni toʻxtatish xavfi juda real va jiddiydir», dedi u.
Buyuk Britaniya Veyping sanoati assotsiatsiyasi bosh direktori Jon Dann shunday dedi: «Bu jamoat sogʻligʻiga solingan soliqdan boshqa narsa emas».
Uning soʻzlariga koʻra, veyplar «millionlab katta yoshli odamlarga chekishni kamaytirish yoki tashlashga» yordam bergan.
«Yoshlarni himoya qilish juda muhim. Ammo bu sigaretdan uzoqlashishga harakat qilayotgan kattalar uchun qonuniy veypingni qimmatroq qilishni emas, balki noqonuniy va firibgar tadbirkorlarga qarshi choralarni kuchaytirishni anglatadi».
Ekspertlarning taʼkidlashicha, veyping chekishdan koʻra ancha xavfsizroq, ammo u xavfdan xoli emas va uning uzoq muddatli oqibatlari hali ham nomaʼlum.
Yaqinda veyping boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar sharhi shuni koʻrsatdiki, u bolalar va yoshlarda xirillash va yoʻtal, ogʻiz boʻshligʻi va tishlar sogʻligʻining yomonlashishi, uyquning buzilishi, ruhiy salomatlik muammolari va koʻz simptomlari kabi muammolar bilan bogʻliq.
Milliy sogʻliqni saqlash xizmati (NHS) bolalar va chekmaydiganlar hech qachon veyp chekmasliklari kerakligini maʼlum qilgan.

