Yangi Qarshi shahri quriladi va kamayib borayotgan nikohlar - mahalliy dayjest
Qashqadaryoda Yangi Qarshi shahri quriladi. Nikohlar soni toʻrt yildan beri kamaymoqda. Qashqadaryo yil oxirigacha kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Xorazmda bir oilaning 4 aʼzosi zaharlanib vafot etdi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Yangi Qarshi shahri quriladi va kamayib borayotgan nikohlar - mahalliy dayjest
Qashqadaryo viloyatida 500 ming aholiga moʻljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chogʻida oʻtkazilgan yigʻilishda maʼlum qildi.
Davlat rahbarining aytishicha, Yangi Qarshi shahri Qarshi shahri, Koʻkdala va Qarshi tumani chegarasida, 5 ming gektar maydonda, 500 ming aholiga moʻljallab bunyod etiladi. Qarshi tumanidagi kanal boʻyida esa 235 gektarlik «Yangi Nasaf» ekomajmuasi qurilishi boshlanadi.
Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb qilinib, ikki oy ichida ilgʻor shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 milliard soʻm ajratiladi. Yangi hududlarda koʻp qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar «yashil» va «aqlli» shahar tamoyillari asosida quriladi.
Oʻzbekistonda qayd etilgan nikohlar soni 2021-yildagi 305,2 mingtadan 2025-yilda 267,1 mingtaga tushdi. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bu koʻrsatkich shu davrda har yili pasayib, jami 38,1 mingtaga yoki qariyb 12,5 foizga kamaygan.
1991–2025-yillar oraligʻidagi eng yuqori koʻrsatkich 2018-yilda qayd etilgan — 311,4 mingta nikoh. 2025-yilgi natija ushbu rekorddan 44,3 mingtaga yoki qariyb 14,2 foizga past.
1991-yilda mamlakatda 270,3 mingta nikoh rasmiylashtirilgan. Demak, 2025-yildagi mutlaq koʻrsatkich 1991-yildagidan ham 3,2 mingtaga kam boʻlgan. Biroq bu raqamlar aholi soniga nisbatan nikohlanish darajasini emas, qayd etilgan nikohlarning umumiy sonini bildiradi.
Soʻnggi yillik oʻzgarishlarga qaralsa, 2025-yilda nikohlar soni 2024-yilga nisbatan 4,7 mingtaga yoki qariyb 1,7 foizga kamaygan. Taqdim etilgan maʼlumotlarda pasayish sabablari keltirilmagan.

