“Yangi O‘zbekiston” universiteti O‘zbekistonda QAA xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tgan birinchi OTM bo‘ldi
'Yangi O‘zbekiston' universiteti O‘zbekistonda QAA xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tgan birinchi OTM va Markaziy Osiyoda bunday akkreditatsiyaga ega uchta OTMdan biri bo‘ldi. Rektor Bahodir Ahmedovga ko‘ra, akkreditatsiya diplomlar xorijda tan olinishi va xalqaro talabalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti O‘zbekistonda QAA xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tgan birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi.
Universitet matbuot xizmatining xabar berishicha, “Yangi O‘zbekiston” universiteti Buyuk Britaniyaning oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha mustaqil tashkiloti – Quality Assurance Agency for Higher Education (QAA) tomonidan International Quality Accreditation (IQA) xalqaro institutsional akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu bilan u O‘zbekistonda QAA xalqaro institutsional akkreditatsiyasiga erishgan ilk oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi. Akkreditatsiya sertifikati universitetga QAA bosh ijrochi direktori Karl Leydeker tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Universitetning akkreditatsiyadan o‘tishi Yevropa oliy ta’lim hududida sifatni ta’minlash bo‘yicha standartlar va yo‘riqnomalar (Standards and Guidelines for Quality Assurance in the European Higher Education Area – ESG) asosida baholandi. Baholash jarayonida universitetning ichki sifatni ta’minlash tizimi ESG doirasidagi 10 ta standart bo‘yicha sinchkovlik bilan o‘rganildi.
QAA tomonidan tayinlangan mustaqil ekspertlar guruhi 2026-yil 2-4-iyun kunlari universitetda bo‘lib, baholash ishlarini olib bordi. Ular universitet taqdim etgan hujjatlarni batafsil o‘rgandi, rahbariyat, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talabalar, bitiruvchilar va tashqi hamkorlar bilan uchrashdi. Shuningdek, ta’lim infratuzilmasi, o‘quv resurslari va ma’lumotlarni boshqarish tizimi ham ko‘zdan kechirildi.
Yakuniy hisobotda “Yangi O‘zbekiston” universitetining ESG doirasidagi barcha 10 ta standartga to‘liq javob berishi tasdiqlandi. Shu tariqa, universitet O‘zbekistonda QAAning xalqaro institutsional akkreditatsiyasini qo‘lga kiritgan birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘lish bilan birga, Markaziy Osiyoda bunday akkreditatsiyaga ega bo‘lgan uchta OTMdan biri sifatida e’tirof etildi.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti rektori Bahodir Ahmedovning Gazeta muxbiriga ma’lum qilishicha, QAA akkreditatsiyasi universitetdagi ta’lim sifati xalqaro standartlarga mos ekanini tasdiqlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu universitetning, shuningdek, umuman O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Rektor QAA Buyuk Britaniyaning oliy ta’lim sifatini baholash bo‘yicha dunyoda tan olingan nufuzli tashkilotlardan biri ekanini ta’kidladi. Baholash jarayonida universitetning faqat o‘quv dasturlari emas, balki professor-o‘qituvchilar faoliyati, talabalarni qo‘llab-quvvatlash, sifatni ta’minlash tizimi va universitet boshqaruvi ham kompleks o‘rganilgan.
“Eng muhimi, bu natija biz qurayotgan yangi oliy ta’lim modeli xalqaro talablar darajasida ekanining mustaqil tashqi tasdig‘idir”, – dedi Bahodir Ahmedov.
Uning ta’kidlashicha, akkreditatsiya natijasi butun oliy ta’lim tizimiga bo‘lgan ishonchni ham oshiradi. Rektor xalqaro akkreditatsiya universitet bitiruvchilarining xorijda ishlash va o‘qish uchun hujjat topshirish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berishini aytdi. Bu esa bo‘lajak kadrlarning dunyo darajasida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, xalqaro e’tirof chet eldan eng iqtidorli talabalarni jalb qilishga yordam berishi mumkin. Chunki QAA akkreditatsiyasi ta’lim sifati xalqaro darajada ekanini ko‘rsatuvchi omillardan biri hisoblanadi.
Bahodir Ahmedov QAA akkreditatsiyasini O‘zbekiston-2030 strategiyasi doirasidagi vazifalar nuqtai nazaridan ham muhim deb baholadi. Uning aytishicha, strategiyaga muvofiq, 10 ta universitet top-500 talikka kirgan universitetlar bilan xalqaro ta’lim dasturlarini oshirishi kerak.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti esa bu yil top-150 talikka kirgan va Xalifa universiteti bilan qo‘shma magistratura dasturini amalga oshirgan. “Bu boshqa universitetlarga ham katta yo‘l ochadi”, – dedi rektor.
Bahodir Ahmedov, shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 10-iyul kuni belgilangan oliy ta’lim sohasidagi maqsadlarga to‘xtaldi. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar kamida beshta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Rektor xalqaro talabalarni jalb qilish va xalqaro darajadagi tadqiqotlarni rivojlantirish ushbu maqsadlarga erishishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, QAA akkreditatsiyasi bu jarayon uchun asos bo‘ladi.

