Yangi elektropoyezd Toshkent va Andijon o‘rtasidagi yo‘l vaqtini qisqartiradi
Xitoydan keltirilgan CR200J elektropoyezdi tez orada Toshkent va Andijon o‘rtasida qatnovini boshlaydi. Sinov ishlari davomida poyezd bu masofani 4 soatda bosib o‘tdi. Hozirda shaharlar o‘rtasidagi temiryo‘l safari 6−7 soat vaqt oladi.

Toshkent va Andijon shaharlari orasidagi masofani bosib o‘tish vaqti yangi elektropoyezd tufayli qisqaradi.
"Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli" korxonasining ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J rusumli elektropoyezdi Toshkent-Andijon yo‘nalishida harakatlana boshlaydi. Ayni damda ushbu yo‘nalishda sinov ishlari olib borilmoqda.
Mazkur poyezd yo‘nalishni 4 soatda bosib o‘tish imkoniyatiga ega. Taqqoslash uchun, hozirda shaharlararo poyezdlar bu masofani 6 soatdan 7 soatgacha bo‘lgan vaqtda bosib o‘tadi.
Yangi elektropoyezd taxminan 400 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi va soatiga 160 km tezlikka erisha oladi.
Shunga o‘xshash poyezd yaqinda Xorazm viloyatiga ham yetkazib berilgan bo‘lib, u Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasida qatnaydi.

