Yandex ML School Uzbekistan mashinali o‘qitish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturiga qabul uchun tanlov e’lon qildi
Yandex ML School Uzbekistan talabalar va yosh mutaxassislar uchun mashinaviy ta’lim bo‘yicha bir yillik bepul dasturga tanlov e’lon qildi. Hammasi bo‘lib 35 ta o‘rin ajratilgan, arizalar 9-sentabrgacha qabul qilinadi.

Yandex ML School Uzbekistan mashinali o‘qitish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturiga qabul uchun tanlov e’lon qildi.
Dasturda jami 35 nafar ishtirokchi qabul qilinadi. Arizalar 2026-yil 9-sentabrga qadar, shu jumladan 9-sentabr kuni ham topshirilishi mumkin.
Dastur davomida talabalar mashinali o‘qitishning matematik asoslarini – chiziqli algebra, ehtimollar nazariyasi, statistika va matematik analizni o‘zlashtiradi. Shuningdek, ular ML modellarni yaratish va ulardan foydalanishni o‘rganadi. Keyinchalik Deep Learning, Computer Vision, tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) hamda ChatGPT asosida yotgan katta til modellari (LLM) kabi zamonaviy sun’iy intellekt xizmatlari bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangilangan dasturga Reinforcement Learning (RL) – mustahkamlash orqali o‘qitish yo‘nalishi ham qo‘shildi. Bu usulda algoritm, masalan, robotlarni boshqarishda, olingan natija va fikr-mulohazalar asosida eng maqbul harakatlarni tanlashni o‘rganadi. Barcha darslar ingliz tilida olib boriladi.
Dastur doirasida talabalar nazariy bilimlar bilan bir qatorda uy vazifalarini bajaradi, o‘qituvchilardan muntazam ravishda fikr-mulohaza va tavsiyalar oladi. Shuningdek, texnologik kompaniyalar mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladigan amaliy vorkshoplar – industrial uikendlarda ishtirok etadi. Asosiy dastur o‘qituvchilari orasida Yandex ekspertlari, O‘zbekiston universitetlari o‘qituvchilari hamda mashinali o‘qitish sohasidagi mutaxassislar bor.
Yandex ML School Uzbekistan`ga qabul qilinishi uchun ishtirokchidan texnik oliy ta’lim muassasasining birinchi yoki ikkinchi bosqichi darajasida chiziqli algebra, algoritmlar, matematika va dasturlash bo‘yicha bilim talab etiladi. Kirish sinovlari onlayn imtihon, oflayn imtihon hamda yuzma-yuz suhbatdan iborat.
Dasturning o‘tgan yilgi birinchi oqimiga qabul jarayoni O‘zbekiston yoshlari orasida sun’iy intellekt sohasida ta’lim olishga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatdi: qariyb 3000 ta ariza kelib tushgan, tanlov esa bir o‘ringa qariyb 100 nafarni tashkil etgan.
Birinchi oqim talabalari joriy yil may oyida o‘qishni tamomladi. Bir nechta bitiruvchi dasturni yakunlash vaqtiga kelib, Avo Bank, Ucell va EPAM kabi kompaniyalardan ish takliflarini oldi. Bitiruvchilardan biri Yandex Cloud tashabbusiga qo‘shilib, sun’iy intellekt texnologiyalaridan o‘rmon yong‘inlarining oldini olish maqsadida foydalanishga qaratilgan loyihada ishtirok etmoqda.
Reklama huquqlari asosida.

