Yandex data markazlariga qilingan hujum Rossiyada SI rivojini bir necha yilga sekinlashtirishi mumkin — OAV
Ukrainaning Yandex data markazlariga hujumi Rossiyada SI rivojini bir necha yilga sekinlashtirishi mumkin. Hujumdan so‘ng kompaniyaning barcha uchta superkompyuteri faoliyati izdan chiqqan. Ularni tiklash NVIDIA ilg‘or chiplarining global taqchilligi sabab yillar talab qiladi.

Yandex data markazlariga uyushtirilgan hujum Rossiyada SI taraqqiyotini bir necha yilga ortga surishi mumkin — OAV
8−14-oktabr kunlari Rossiyada Yandex va “Sber”ga tegishli bir nechta yirik ma’lumotlar markazlari dronlar zarbasiga uchradi. Natijada Yandex’ning bulutli xizmatlarida uzilishlar kuzatildi. Ushbu hujumlargacha Rossiya qurolli kuchlari Ukrainadagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini nishonga olayotgan edi, Yandex data markazlariga hujum esa Ukraina qurolli kuchlarining javob zarbasi bo‘ldi, deb yozmoqda bir qator nashrlar.
Ekspertlar bahosiga ko‘ra, mamlakatdagi data markazlar tinchlik davri va odatiy hayot tarziga moslab qurilgan bo‘lib, himoya tizimini ishlab chiqishda bunday hujumlar hisobga olinmagan. Shu bilan birga, mustahkam himoya tizimlarini barpo etish katta kapital xarajatlarni talab qilgan bo‘lardi. Hozir mutaxassislar o‘z vaqtida qilinmagan kapital xarajatlar kompaniyaga qimmatga tushishini taxmin qilmoqda.
Xususan, Yandex ma’lumotlar markazlariga qilingan hujumlar Rossiyaning birinchi raqamli IT kompaniyasi rivojlanayotgan asosiy yo‘nalishlar — qidiruv xizmati va sun’iy intellektga ta’sir ko‘rsatdi, deb yozmoqda nashr. Nashr bilan suhbatlashgan hisoblash tizimlari bo‘yicha mutaxassislar fikricha, UQK hujumlari Yandex uchun ham biznes nuqtai nazaridan, ham Rossiya IT yetakchisi sifatida keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Dronlar hujumlaridan keyin Yandex ixtiyoridagi uchta superkompyuterning barchasi noma’lum muddatga ishlamay qolgan. Birinchi hujum 8-oktabrga o‘tar kechasi Ryazan viloyatining Sasovo shahrida sodir bo‘ldi. U yerda IT gigantning ommaga taqdim etilgan Rossiya superhisoblash tizimlari orasida eng unumdor mashinasi hisoblangan “Chervonenkis”, shuningdek, unumdorligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi “Lyapunov” joylashgan.
Keyingi tunda UQK Rossiyadagi eng yirik ma’lumotlar markazlaridan biriga — Yandex’ning Kalugada joylashgan eng katta data markaziga hujum qildi. 11-oktabrga o‘tar kechasi Vladimirdagi “Galushkin” superkompyuteri joylashgan ma’lumotlar markazi zarbaga uchradi. 14-oktabrga o‘tar kechasi esa Saratov viloyatining Balakovo shahridagi “Sber”ga qarashli yirik ma’lumotlar markaziga hujum qilindi.
T-invariant nashri suhbatlashgan to‘rt nafar mutaxassis kompaniyaning hisoblash quvvatlariga jiddiy zarar yetganiga ishonch bildirgan. Ularning fikricha, dronlar hujumi va undan keyingi yong‘in oqibatida uskunalar zaiflashib qolishining asosiy sababi — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri frikuling tizimi, ya’ni tashqi havo bilan sovitishdir (oqimli ventilyatorlar havoni filtrlar orqali haydaydi, so‘ng u server ustunlari orqali o‘tadi). Hatto olov superkompyuter ustunlariga bevosita yetib bormagan taqdirda ham, qurum, kulga to‘la havo va mayda kuyindilar ichki qismlarga kirib, ularni shikastlagan bo‘lishi mumkin.
2026-yil yozida Yandex suyuqlik yordamida sovitish tizimlarini joriy etishni boshlayotganini ma’lum qilgan. T-invariant nashri suhbatlashgan ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, yong‘in yuzaga kelgan taqdirda suyuqlik yordamida sovitishning har qanday elementi samaraliroq hisoblanadi, ammo kompaniya o‘zining barcha ma’lumotlar markazlarida bunday qayta jihozlash ishlarini yakunlashga ulgurgani ehtimoldan yiroq.
SI texnologiyalari bo‘yicha jahon gigantida ishlovchi ekspertlardan biri, nashr yozishicha, Yandex’ning superkompyuterlarni sovitishda qo‘llayotgan texnologiyalariga shubha bilan qaraydi. “Risoladagidek kompaniyalar frikulingdan foydalanmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan”, — deya ta’kidlagan T-invariant suhbatdoshi.
Mutaxassislar fikricha, superkompyuterlar qismlarini tutun, qurum va kuyindidan tozalash yarim yilgacha vaqt olishi mumkin. Agar butlovchi qismlarni, jumladan, qimmatbaho va eng asosiysi, taqchil bo‘lgan NVIDIA chiplari yoki ularning muqobillarini almashtirish zarurati tug‘ilsa, hisoblash qurilmalarining to‘laqonli faoliyatini tiklash bir-ikki yilga cho‘zilishi mumkin.
T-invariant suhbatlashgan ekspertlarga ko‘ra, UQKning data markazlarga hujumidan so‘ng Yandex uchun yuzaga kelgan asosiy muammo — hisoblash quvvatlarining qisman yoki to‘liq yo‘qotilishidir. Buning kamida ikkita sababi bor. To‘g‘ri, ishdan chiqqan data markazlar Yandex’ning kapitallashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, lekin bundan ham muhimrog‘i — bu muammolar kompaniyaning asosiy biznesi bevosita bog‘liq bo‘lgan SI rivojini oylar va yillarga sekinlashtirib qo‘yishi mumkin.
8 va 9-oktabr kunlari Yandex ma’lumotlar markazlariga dronlar bilan berilgan dastlabki zarbalardan so‘ng, aksariyat investorlar kompaniyaga nisbatan mo‘’tadil ijobiy munosabatni saqlab qolishdi: bulutli texnologiyalar tushumning kichik qismini tashkil etadi, yuklamani esa boshqa ma’lumotlar markazlari o‘rtasida taqsimlash mumkin. Aksiyalar qiymati o‘sha zahoti bir necha foizga tushib ketdi. Uchinchi hujum va UQKning navbatdagi dronlar hujumi ehtimoli esa salbiy moliyaviy prognozlarni yanada kuchaytirdi.
Yandex o‘z moliyaviy hisobotida SIga oid ko‘rsatkichlarini alohida oshkor etmaydi, shu bois bu haqda “Qidiruv xizmatlari va SI” segmentiga qarab xulosa chiqarish mumkin. Mazkur yo‘nalish, T-invariant kuzatuvlariga ko‘ra, Yandex’ning ochiqlanadigan barcha segmentlari orasida tuzatilgan EBITDA bo‘yicha eng yuqori marjinallikka ega. 2026-yilning ikkinchi choragida bu ko‘rsatkich 46,3 foizni, birinchi yarim yillikda esa 44,8 foizni tashkil etdi. Shuningdek, “Qidiruv xizmatlari va SI” segmenti mutlaq qiymatda ham eng ko‘p tuzatilgan EBITDA keltirdi.
Shu bilan birga, SI allaqachon reklama tushumining o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shmoqda: kompaniya bayonotiga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida ushbu o‘sishning deyarli yarmini ARGUS tavsiya texnologiyasi ta’minlagan. Garchi Yandex SI-mahsulotlar rentabelligini alohida oshkor qilmasa-da, hisobotda SI kompaniyaning moliyaviy holati uchun naqadar muhimligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor.
Asosiy xavf SI bilan bog‘liqligi shubhasiz, deb hisoblaydi nashr suhbatdoshlari. Aynan ikkita ma’lumotlar markazidagi uchta superkompyuter kompaniyaning neyron tarmoqlari hamda SI ekotizimining boshqa elementlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Agar uskunalarni yong‘in va tutun asoratlaridan tozalash uchun hisoblash quvvatlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri kelsa, reklama tushumlari o‘sishining deyarli yarmini ta’minlayotgan infratuzilma oylab ishlamay qoladi. Bordi-yu, superkompyuterlarga qisman bo‘lsa-da shikast yetgan bo‘lsa, u holda rivojlanish yillab orqaga suriladi.
Ekspertlar buni ikki sabab bilan izohlaydi. Birinchi sabab — Rossiyaga NVIDIA A100 tezlatkichlarini yetkazib berishga qo‘yilgan sanksiya cheklovlari. Moskva davlat universitetida o‘ta maxfiy “MGU-270” superkompyuterini yaratish bo‘yicha maxsus operatsiya ko‘rsatganidek, bu nihoyatda qimmat va murakkab jarayon. Ikkinchi sabab — NVIDIA ilg‘or chiplarining global tanqisligi, ularni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar ikki-uch yil oldinga tuzib bo‘lingan. Buni T-invariant nashrining bir-biridan mustaqil ikkita manbasi tasdiqlagani aytiladi.
Shu tariqa, talab shiddat bilan ortib borayotgan bir paytda, YandexGPT va Alice AI rivoji noma’lum muddatga to‘xtadi.
“Yandex o‘z markazlari va superkompyuterlarini tinchlik davrida va tinchlik davri uchun qurgan. Butun rivojlanish odatiy inson hayotiga qaratilgan edi, tomi ustidan dronlar uchib kelishi hech kimning xayoliga ham kelmagan. Ryazan, Kaluga va Vladimir viloyatlarida zilzilalar hamda boshqa tabiiy ofatlar kutilmaydi, shuning uchun hech kim binolarning jismoniy himoyasiga sarmoya kiritish haqida o‘ylab ham ko‘rmagan”, — deya tushuntiradi T-invariant’ning superkompyuter sanoatidagi ekspertlaridan biri.
Yandex infratuzilmasining loyihalash mantig‘i quyidagicha: energiya tejamkorlik, elektr ta’minotini zaxiralash, sovitish tizimining soddaligi va arzonligi hamda yuklamani maydonchalar o‘rtasida qayta taqsimlash imkoniyati.
“Bi-bi-si rus xizmati” manbasiga ko‘ra, Yandex bitta ma’lumotlar markazini o‘chirib, yuklamani boshqalariga o‘tkazishni muntazam mashq qilib turgan. Biroq bir nechta yirik maydonchalarning ketma-ket ishdan chiqishi, ehtimol, mashg‘ulotlarda ko‘rib chiqilmagan. Nashr manbasi, shuningdek, Vladimirdagi ikkita alohida bino servislar tomonidan o‘zaro zaxira sifatida ko‘rilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi: ularning ikkalasi ham bir vaqtning o‘zida ishdan chiqishi imkonsiz deb hisoblangan.
“Rossiyada ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va data markazlar uchun odatda sodda “qutilar” quriladi: mustahkam devorlar, to‘siqlar yoki shunga o‘xshash himoya vositalari yo‘q. Ilg‘or, hatto mahalliy texnologiyalar mavjud bo‘lishiga qaramay, suyuqlik bilan sovitish tizimlari deyarli uchramaydi, murakkab o‘t o‘chirish tizimlari ham o‘rnatilmagan. Rossiya biznesi uchun bularning barchasi haddan tashqari katta kapital xarajat hisoblanadi. Hech kim bunga qodir emasdi. Buning ustiga, o‘ta yuqori darajadagi markazlashuv ham bor. Barcha markazlarning taxminan 70−80 foizi Moskva va Sankt-Peterburg atrofida joylashgan”, — deya tushuntiradi superkompyuter texnologiyalari bo‘yicha ekspert.
Rossiyada ma’lumotlarni qayta ishlash va data markazlar xavfsizligini oshirish bo‘yicha ilk ommaviy chaqiriqlar dastlabki hujumlardan atigi bir necha kun oldin yangragan edi, deb yozadi T-invariant. Xususan, Rossiya Raqamli rivojlanish vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Filatov 6-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan “Raqamli yechimlar” forumida “hisoblash quvvatlarini, barcha foydali IT yuklamani Moskva, Sankt-Peterburg va Moskva viloyatidan qayergadir uzoqroqqa… hozircha zarbalar yetib bormayotgan joylarga ko‘chirish” masalasini ko‘targan, 7-oktabr kuni kechqurun esa (birinchi hujumdan bir necha soat oldin) RBKda IT biznes va Raqamli rivojlanish vazirligi vakillari SIga mo‘ljallangan data markazlarni “do‘st mamlakatlar”ga joylashtirish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar e’lon qilingan.
O‘sha paytga kelib, “Bi-bi-si rus xizmati”ning eslatishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi data markazlarga allaqachon zarba berayotgan edi. Ular 23-sentabrdan 28-sentabrgacha kamida oltita shunday obyektni shikastlagan. Hujumlar oqibatida odamlar internetsiz qolgan va teleko‘rsatuvlar uzilib qolgan. O‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z ijtimoiy tarmoqlarida “Raqamli detoks… majburiy tartibda” yozuvli suratni ham e’lon qilgan edi, deb yozadi T-invariant. 4-oktabr kuni, Filatovning chiqishidan ikki kun oldin esa Vladimir Zelenskiy javob zarbalari haqida ogohlantirgan: “Nahotki ular bizni javob qaytarmaydi deb o‘ylashsa?”
“Germaniyada bo‘lganimda, Myunxen yaqinidagi Leybnits superkompyuter markazini o‘rgangan edim. Bu bino kub shaklida bo‘lib, uning derazalari yo‘q, avtomobilda buzib kirib bo‘lmasligi uchun atrofi xandaqlar bilan o‘ralgan. Kirish joyi esa kichik bir osma ko‘prikdan iborat. Kubning o‘zi aslida bino ichidagi bino — Faradey panjarasidir. Ya’ni, bu yerda haqiqatan ham jiddiy jismoniy va boshqa turdagi himoya choralari ko‘rilgan”, — deya hikoya qiladi T-invariant suhbatlashgan ekspertlardan biri.
Ayni paytda ushbu superkompyuter, ekspertning ta’kidlashicha, top-500 reytingida Yandex’ning “Chervonenkis”idan ortda qoladi. Biroq nemislar uning xavfsizligiga juda katta sarmoya kiritgan.
“Bunday tizim ballistik raketalardan qutqara olmasa-da, dronlardan bemalol himoya qila oladi. Bundan tashqari, Norvegiya va Finlyandiyadagi aql bovar qilmas yer osti ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari ham bunga yorqin misol. Yana bir jihat — Alibaba kompaniyasining Xitoydagi supermarkazi. Superkompyuter bozorining top-500 talikka kiruvchi deyarli barcha yetakchilari kapital xarajatlardan pul ayamaydi, murakkab suyuqlikli yoki botirma sovitish tizimlarini o‘rnatadi. Bizning mahalliy IT yetakchilarimiz esa bularning barchasidan tejab qolishga urinadi”, — deya tushuntiradi ekspert.
“Yandex va „Sber“ urushdan oldin bu obyektlarni qurayotganida, tabiiyki, binolarning loyihaviy xususiyatlariga o‘nlab kilogramm portlovchi moddaga ega jangovar kallakli dronlardan himoyalanish zaruratini kiritmagan edi”, — deb yozadi nashr. Nashrning 2016−2017-yillarda Vladimirdagi Yandex ma’lumotlar markazlaridan birini barpo etgan “XAKA Moskva” kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, markazni qurishda quyidagi asosiy vazifalar ko‘zda tutilgan:
Zamonaviy texnologiyalar asosida metall konstruksiyalardan barpo etilgan bu kabi binolarning barchasi nisbatan kichik jangovar kallakka ega dronlar zarbasiga chidamsiz.
Yandex va “Sber” ma’lumotlar markazlari binolarining zaifligidan tashqari, qurilish uchun joy tanlashda ham xatoga yo‘l qo‘ydi, deb yozadi nashr. Urushning beshinchi yiliga kelib, Moskva va uning atrofida joylashgan korxonalar katta raqobat ustunligiga ega bo‘ldi. Harbiylar va hukumat havo hujumidan mudofaa resurslarini taqsimlashda yaqqol poytaxtni himoya qilishni afzal ko‘rdi (Ukraina rahbariyati ham Kiyevga nisbatan xuddi shunday yo‘l tutgan).
Dronlarga qarshi mudofaaning asosini hanuzgacha an’anaviy qisqa masofali havo hujumidan mudofaa tizimlari tashkil etib, ular mamlakatning butun hududini himoya qilish uchun yetarli emas. Biroq bunday tizimlarning Moskva atrofida to‘planishi poytaxtdagi nishonlarga zarba berishni qiyin vazifaga aylantirdi. Shunga qaramay, UQK bir to‘lqinda ko‘plab dronlarni safarbar etish orqali ba’zan shahar atrofidagi mudofaani yorib o‘tishga va Moskva neftni qayta ishlash zavodi kabi alohida o‘ta muhim korxonalarga yetib borishga muvaffaq bo‘lmoqda.
“Bunday darajadagi superkompyuterlar ishini hozir va yaqin kelajakda tiklashning hech ham iloji bo‘lmaydi. Gap mablag‘ bor-yo‘qligida ham emas. Asosiy muammo — hatto sanksiyalar emas, balki chiplar va boshqa butlovchi qismlar taqchilligidadir: butun dunyo bo‘ylab ularga ulkan navbat yuzaga kelgan. Biroq kulrang va qora import xarajatlari ham juda yuqori. Xullas, hozir ishlar chatoq”, — deb hisoblaydi T-invariant suhbatlashgan superkompyuterlar bo‘yicha mutaxassis.
Noyabr oyida jahon top-500 superkompyuterlari reytingining navbatdagi yangilanishi e’lon qilinadi. Hozirda “Chervonenkis” reytingning 101-pog‘onasini, Qozog‘istonning Alem tizimi esa 104-o‘rinni egallab turibdi (Qozog‘istonning ikkinchi mashinasi 122-o‘rinda — RFning qolgan barcha superkompyuterlaridan yuqorida).
T-invariant ekspertlari UQK tomonidan javob tariqasida uyushtirilgan “majburiy raqamli detoks” shu kuzdayoq top-500 reytingidagi yetakchi superkompyuterlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha Rossiya Qozog‘istonga o‘rnini bo‘shatib berishiga olib kelishiga shubha qilishmayapti. AQSh, Xitoy va Yaponiya bilan raqobatlashish haqida-ku umuman gap bo‘lishi mumkin emas — RF ulardan allaqachon ancha ortda qolmoqda, deya ta’kidlaydi nashr.

