Yana ikkita davlat Eron samolyotlariga taqiq qo‘ydi

Yana ikki davlat Eron samolyotlariga taqiq joriy qildi
Birlashgan Arab Amirliklari va Iroq Eron aviakompaniyalarining parvozlarini to‘xtatdi. Bu choralar AQSHning Yaqin Sharqdagi urush fonida Eronga iqtisodiy bosimni kuchaytirishga qaratilgan sanksiyalariga qo‘shilish doirasida qabul qilindi.
BAA parvozlarni to‘xtatdi va iqtisodiy cheklovlarni kuchaytirdi
Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi Eron aviakompaniyalari tomonidan BAAga va BAAdan amalga oshiriladigan barcha reyslar to‘xtatilganini bildirdi. Ushbu cheklov 24-sentyabrdan kuchga kirdi. BAAning rasmiy WAM axborot agentligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, qaror AQSHning Eron aviakompaniyalariga dunyo aeroportlaridan foydalanishni taqiqlovchi sanksiyalariga tayangan.
Dubay shahri Eron aviatashuvchilari uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Bu yerda katta Eron jamoasi yashaydi va har kuni ko‘plab reyslar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Dubay aeroporti eronlik yo‘lovchilar uchun Yevropa, Osiyo va Afrikaga o‘tish tranziti vazifasini bajaradi. Parvozlar bekor qilingani sababli, 24-sentyabr kuni ertalab Tehrondan Dubayga uchishi kerak bo‘lgan Eron AirTour aviakompaniyasi reysi poytaxtda bekor qilindi.
BAA fevral oyida boshlangan Yaqin Sharqdagi urushning ilk bosqichida Eron raketalari va dronlari hujumiga uchragan. Avgust oyida Amirliklar Eron bilan savdo va moliyaviy ayirboshlashni to‘xtatgan. 23-sentyabr kuni esa BAA Markaziy banki Eronning Bank Melli filiallari orqali amalga oshiriladigan barcha o‘tkazmalarni bloklab, uni pul yuvish, terrorizm va qurol-yarog‘ tarqatishga qarshi qonunlarni buzganlikda ayblagan.
Iroqning shialar uchun muqaddas sanalgan Najaf shahri aeroporti 25-sentyabrdan boshlab Eronning barcha aviareyslarini to‘xtatdi. Aeroport direktori Husayn Muhanna AFP agentligiga ma’lum qilishicha, bu qaror Bosh vazir idorasining Najaf gubernatoriga bergan topshirig‘iga binoan qabul qilingan. Cheklov 25-sentyabr kuni soat 02:00 dan kuchga kirdi.
Boshqa manbalarning Reuters agentligiga aytishicha, Iroq Kurdistonidagi Erbil va Sulaymoniya aeroportlari ham 25-sentyabrdan Eron bilan aviaqatnovlarni to‘xtatadi.
Najaf aeroporti eronlik va iroqlik ziyoratchilar, Eronda tahsil olayotgan iroqlik talabalar hamda davolanayotgan bemorlar uchun asosiy qatnov markazidir. Iroq va Eron o‘rtasidagi aloqalar diniy va siyosiy jihatdan juda chuqur ildiz otgan.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent 23-sentyabrdan boshlab xorijiy aeroport va kompaniyalar Eron aviatsiyasiga xizmat ko‘rsatsa, cheklovlarga duch kelishi va dollar orqali hisob-kitob qilish tizimidan uzilishini aytgandi. Shundan keyin qo‘shni davlatlar cheklovlar kiritishni boshladi va Eronning asosiy aviakompaniyalari xalqaro reyslarni bekor qilishga majbur bo‘ldi.
24-sentyabr kuni Turkmaniston ham cheklovlarga qo‘shildi. Eron Fuqaro aviatsiyasi tashkiloti vakili Majid Axavanning ISNA agentligiga ma’lum qilishicha, Ashxobod ruxsat bermagani sababli Tehrondan Dushanbega uchgan samolyot ortga qaytarilgan. Shuningdek, Ozarbayjon Eron aviakompaniyalari uchun havo hududini yopgan.
Sanksiyalarga qaramay, Eronning ayrim kichik aviakompaniyalari xorijga, xususan, AQSH bosimiga bo‘ysunmayotgan Xitoyga hamda Armanistonga parvozlarni davom ettirmoqda. Eronda 30 ga yaqin aviakompaniya bor bo‘lib, ularning aksariyati ichki reyslarga xizmat qiladi. Xalqaro yo‘nalishlarda esa eng yirik tashuvchilar davlatga qarashli Iran Air hamda xususiy Mahan aviakompaniyalaridir.
Ayni paytda, Eron qo‘shni davlatlar aeroportini ishdan chiqarish bilan tahdid qilmoqda.
“Agar siz bizning reyslarimizni taqiqlab, AQSH bilan hamkorlik qila boshlasangiz, aeroportlaringiz boshqa parvozlarni amalga oshira olmaydi. Agar siz AQSH tomonida bo‘lsangiz, biz sizni boshqa ko‘rmaymiz”, dedi Rizoiy.
U AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy obyektlariga yoki mamlakat tog‘larida joylashgan obyektlarga hujum qilishni xohlashi mumkinligini aytdi.
“Qurolli kuchlarimiz javob harakatlariga tayyor”, deya ta’kidladi Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi rahbari.

