Yagona portalda yangi xizmatlar, madaniy tadbirlarga bepul vaucher va qurilishdagi majburiyat: 1-oktabrdan nimalar oʻzgaradi?
Kun.uz sayti oʻz anʼanasiga muvofiq 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Oʻzbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim normalarni eslatib oʻtadi.

Yagona portalda yangi xizmatlar, madaniy tadbirlarga bepul vaucher va qurilishdagi majburiyat: 1-oktabrdan nimalar oʻzgaradi?
**Yagona portalda yangi xizmatlar paydo boʻladi**
2026-yil 1-oktabrdan my.gov.uz portalida yangi xizmatlar ishga tushiriladi.
Hujjatga muvofiq, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan xizmatlar doirasida jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli koʻchmas mulk hamda avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qoʻyish, shuningdek, begonalashtirishga taqiq oʻrnatish uchun ariza topshirishi mumkin boʻladi. Oʻrnatilgan taqiqni bekor qilish uchun ham portal orqali murojaat yuboriladi.
Shuningdek, fuqarolar oʻz nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalari haqidagi maʼlumotlarni koʻrish imkoniga ega boʻladi.
Telefon raqamlari boʻyicha quyidagi xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi: raqamni muayyan muddatga nofaol holatga oʻtkazish va qayta faollashtirish; foydalanilmayotgan raqamga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish uchun ariza yuborish; raqamga ulangan pulli xizmatlar haqida maʼlumot olish.
Bundan tashqari, bank kartasini bloklash yoki yopish uchun uni chiqargan bankka — emitentga portal orqali ariza yuborish mumkin boʻladi.
Fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda, unga Yagona portal orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi. Portalda bunday harakatlar hisobi ham yuritiladi.
**Qurilishda yangi tartib joriy etiladi**
Oʻzbekistonda 2026-yil 1-oktabrdan qurilish ishlarini boshlash uchun yangi tartib joriy qilinadi. Endi istiqbolli qurilish hududiga yagona identifikator berilmasdan turib, qurilishga ruxsatnoma rasmiylashtirilmaydi.
Prezident qaroriga koʻra, qurilish jarayonlarini raqamlashtirish va ular ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida bir qator yangi raqamli instrumentlar joriy etiladi.
Jumladan, qurilishning barcha bosqichlarini kuzatish uchun Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, loyihaning raqamli pasporti hamda kapital qurilish obyektining raqamli pasporti shakllantiriladi. Ushbu tizim “Shaffof qurilish” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

