Yadroviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Deputatlar davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi hamda sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik talablarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonun loyihasini qabul qildilar.

Yadroviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Senatga yuborildi
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ikkinchi oʻqishda sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini maʼqulladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berishicha, hujjat davlat nazoratini kuchaytirishni, vakolatli organlarning vakolatlarini aniqlashtirishni va qoʻshimcha javobgarlik choralarini joriy etishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasida sanoat, radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni, shuningdek, atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilgan. Taklif etilayotgan normalar huquqiy munosabatlarni yanada tartibga solish va davlat nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi norma va qoidalarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda. Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarni hisobga olgan holda, vakolatli davlat organlarining vakolatlari va huquqiy maqomi aniqlashtirilmoqda.
Shuningdek, «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida»gi Qonunga ayrim oʻzgartishlar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanktsiyalarni qoʻllash imkoniyati nazarda tutilmoqda. Bu tegishli soha subʼyektlarining masʼuliyatini oshirishi va belgilangan talablarga rioya etilishini kuchaytirishi kutilmoqda.
Ikkinchi oʻqishga kelib, qonun loyihasi deputatlarning taklif va tavsiyalari inobatga olingan holda masʼul qoʻmita tomonidan takomillashtirildi.
Hujjatni tayyorlash jarayonida tadbirkorlik subʼyektlarining manfaatlarini hisobga olgan holda undan ayrim normalar chiqarib tashlandi. Bundan tashqari, qator qoidalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirildi hamda tahririy va mazmuniy jihatdan aniqlashtirildi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi vakolatli organlarning vakolatlarini aniqroq belgilash, belgilangan qoidalarni buzganlik uchun taʼsir choralarining mutanosibligi va yetarliligini taʼminlash, davlat nazorati samaradorligini oshirish hamda amalga oshirilayotgan islohotlar uchun huquqiy asos yaratish imkonini beradi.
Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullanganidan soʻng, hujjat Oliy Majlis Senatiga koʻrib chiqish uchun yuborildi.

