Siyosat

Xususiylashtirilgan davlat mulki qaytarib olinmaydimi? Davaktiv yangi qonunga izoh berdi

Oʻzbekistonda xususiylashtirilgan davlat mulkini qaytarib olishga doir cheklovlar kuchaytirilmoqda. Yangi qonunga koʻra, davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqish yoki bekor qilish tashabbusi bilan chiqa olmaydi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlariga koʻra, bu norma mulkdorlar ishonchini mustahkamlash uchun kerak.

Xususiylashtirilgan davlat mulki qaytarib olinmaydimi? Davaktiv yangi qonunga izoh berdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakillari xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi haqidagi norma qonunga kiritilgani borasida izoh berdi.

“Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish deb baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi”.

17-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davaktiv mas’ullariga ushbu tartibning mazmuni, uning oldingi qonunchilikdan farqi hamda bundan keyin xususiylashtirilgan davlat aktivlarini qaytarib olish mumkinmi yoki yo‘qmi, degan savol berildi.

Agentlikning yuridik bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek G‘oziyevning aytishicha, xususiy mulk daxlsizligi Konstitutsiyada avvaldan kafolatlangan, biroq bu kafolatlarni qonunchilikda yanada mustahkamlash zarurati tug‘ilgan.

“Bu norma aslida Konstitutsiyamizda avvaldan belgilangan mulk daxlsizligi prinsipiga asoslanadi. Lekin xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, xususiylashtirilgan mol-mulkni qaytarish holatlari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar orqali amalga oshirilgani uchun ushbu tartib joriy etildi.

Dastlab bu masala 2020-yildagi prezident qarorlarida aks ettirildi. Keyinchalik davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunga ham kiritildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hech qachon xususiylashtirish natijasini qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lmagan. Xususiylashtirish jarayoni yakunlanib, xususiy mulkni tasdiqlovchi davlat orderi berilganidan keyin bu orderni faqat sud tomonidan bekor qilish tartibi qonunda saqlanib qolgan. Hozir ham bu tartib mavjud.

Konstitutsiyaga e’tibor qilsangiz, mulkdorni sud qarorisiz, qonunda belgilangan asoslardan tashqari mulkidan mahrum qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, - dedi G‘oziyev.

G‘oziyev yangi norma, birinchi navbatda, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, zarur hollarda esa sud idoralariga ham taalluqli ekanini qayd etdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.