Xususiy universitet rektorlari uchun yangi talablar taklif qilindi
O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari rektorlariga qo‘yiladigan malaka talablarini davlat OTM rahbarlariga belgilangan mezonlarga tenglashtirish taklif etilmoqda. Loyihaga ko‘ra, xususiy universitet rektorlaridan ilmiy daraja va unvon, shuningdek, kamida besh yillik rahbarlik tajribasiga ega bo‘lish talab qilinishi mumkin.

Xususiy universitet rektorlariga nisbatan yangi talablar joriy etish taklif qilinmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga o‘zgartirish kiritishni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasida aks etgan bo‘lib, u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari rektorlariga davlat OTM rektorlariga qo‘yiladigan malaka talablariga o‘xshash mezonlar tatbiq etilishi taklif qilinmoqda. Xususan, rektor oliy ta’lim tashkilotida boshqaruv lavozimida ishlash uchun zarur kasbiy va tashkilotchilik qobiliyatiga, ta’lim sohasida rahbarlik tajribasi hamda tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart.
Shuningdek, nomzoddan intellekt, madaniyat, yetakchilik, ijodkorlik, xushmuomalalik, tashkilotchilik, tashabbuskorlik va tadbirkorlik kabi shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lish talab etilishi nazarda tutilgan.
Yana bir muhim talab ilmiy daraja va unvon bilan bog‘liq. Loyihaga binoan, xususiy OTM rektori universitetda bakalavr yoki magistrlar tayyorlanadigan yo‘nalishlardan biri bo‘yicha fan doktori (DSc) yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga, shuningdek, professor yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, nomzod kafedra mudiri, fakultet dekani yoki uning o‘rinbosari, prorektor kabi rahbarlik lavozimlarida yoxud oliy ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida kamida besh yil samarali ishlagan bo‘lishi talab etilishi mumkin.
Hujjat loyihasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni yangi talablarga muvofiqlashtirish uchun ikki oy muddat berish ham ko‘zda tutilgan.
Hozircha mazkur talablar qaror loyihasida nazarda tutilgan bo‘lib, hujjat jamoatchilik muhokamasidan o‘tmoqda.

