Xususiy teatrlarga yangi imtiyozlar: ijara xarajatlari ham qoplab beriladi
2026-yil 1-sentabrdan nodavlat teatr va teatr-studiyalarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tartibi amalga kiritiladi. Unga koʻra, sahna asarlarini yaratish hamda xususiy binolar ijarasi bilan bogʻliq ayrim xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Xususiy teatrlarga yangi imtiyozlar beriladi: endi ijara xarajatlari ham qoplanadi.
Qonunchilikda belgilangan tartibga koʻra, nodavlat teatrlar va teatr-studiyalar tomonidan har yili yaratiladigan 50 ta sahna asarining xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, ularning xususiy binolarni ijaraga olish xarajatlarining har oylik bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha boʻlgan qismi ham davlat byudjeti tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, davlat madaniyat obyektlari boʻsh vaqtlarida nodavlat teatrlar va teatr-studiyalarga spektakllarni namoyish etish uchun ijara toʻlovisiz foydalanishga beriladi.
Agar biror tomosha zalidan foydalanish uchun ikki yoki undan ortiq nodavlat teatr yoki teatr-studiya talabgor boʻlsa, ular oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi.
Ushbu tartib nodavlat teatrlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, yangi sahna asarlari yaratilishini ragʻbatlantirish va ularning spektakllar namoyish etishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

