Xulian Alvares nima sababdan APL klublaridan kelayotgan takliflarni rad etmoqda?

Xulian Alvaresning APL klublaridan tushayotgan takliflarni rad etishiga shaxsiy sabablar borligi ma'lum bo'ldi. Madridning "Atletiko" klubi hujumchisi Angliya Premyer Ligasiga qaytishni istamayapti.
Mundo Deportivo nashrining xabar berishicha, bu qarorning asosiy sababi Buyuk Britaniyadagi migratsiya va viza qoidalarining murakkabligidir.
Argentinalik insayder Veronika Brunattining ta'kidlashicha, Alvares "Manchester Siti"da o'ynagan paytidayoq uning ota-onasi va yaqin qarindoshlarining rezidentlik ruxsatnomasi muddati tugagan. Brexitdan keyin qabul qilingan qat'iy immigratsiya qonunlariga ko'ra, ishchi vizasiga ega futbolchi Angliyada faqat o'z turmush o'rtog'ini rasmiy ravishda olib qola oladi. Ota-onalar va boshqa qarindoshlar uchun yashash ruxsatnomasini uzaytirish deyarli imkonsiz bo'lib qolgan. Hujumchi esa butun oilasi bilan birga yashashni afzal ko'radi.
Ispaniyada Janubiy Amerika fuqarolari uchun doimiy yashash va fuqarolikni olish tartibi Buyuk Britaniyadagidan ancha yengil. Shu sababli, Alvares Angliya klublarining moliyaviy jihatdan jozibador takliflaridan ko'ra, o'z faoliyatini Ispaniyada davom ettirishni ustuvor vazifa deb bilgan.

