Xudoyorxon o‘rdasida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgan uchun muzey direktoriga hayfsan berildi
Qo‘qondagi Xudoyorxon o‘rdasida Madaniy meros agentligi bilan kelishilmagan holda 'Chopon party' ko‘ngilochar tadbiri o‘tkazilgani aniqlandi. Holat ortidan Qo‘qon muzey-qo‘riqxonasi direktoriga hayfsan berildi. Agentlik obyektdagi har qanday tadbir uning madaniy ahamiyatiga muvofiq o‘tishi kerakligini eslatdi.

Xudoyorxon o‘rdasida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgani uchun muzey direktoriga hayfsan berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasi hovlisida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgani aks etgan videolar tarqaldi. Madaniy meros agentligi ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 3-oktabr kuni o‘rda hududida “A.klub” nomi ostida bir guruh ayollar ishtirokida “Chopon party” tashkil etilgan. Mazkur tadbir Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi rahbariyati tomonidan Madaniy meros agentligi bilan belgilangan tartibda kelishilmagan holda o‘tkazilgan.
Agentlik davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy-ma’rifiy, ommaviy hamda boshqa tadbirlar belgilangan tartibda agentlik bilan kelishilishi shartligini bildirdi.
“Davlat muzey-qo‘riqxonasi hududi madaniy meros obyekti sifatida alohida muhofaza qilinishi lozim. Shu sababli, mazkur hududda har qanday tadbirni tashkil etishda obyektning madaniy ahamiyati, uning tarixiy qiyofasini asrash, muhofaza qilish va foydalanish talablariga qat’iy rioya etilishi shart”, — deyiladi xabarda.
Yuqoridagi holat yuzasidan Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori M. Mavlonqulovga xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani sababli Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.
Agentlik kelgusida madaniy meros obyektlari va muzey-qo‘riqxonalar hududida tadbirlarni belgilangan tartib va talablarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha nazorat choralari kuchaytirilishini bildirdi.

