Xorvatiya restoranlari menyusida bitta taom uchun ikkita narx qo‘yiladi

Xorvatiyadagi restoranlar menyusida bir taom uchun ikki xil narx ko‘rsatiladi
1-oktyabrdan boshlab Xorvatiyadagi restoran va kafelarda amaldagi narx yonida yana bir narx ham yozilishi majburiy bo‘ladi. Bu aynan shu taom yoki ichimlikning 2026-yil 10-sentyabrda amal qilgan narxidir. Yangi tartib Xorvatiya hukumati qarori bilan belgilangan.
Masalan, agar qahva hozir 4 yevro bo‘lsa, uning yonida 10-sentyabrdagi narxi ham ko‘rsatilishi kerak. Xaridor faqat amaldagi narxni to‘laydi. Ikkinchi raqam esa taqqoslash va narx qanchalik o‘zgarganini ko‘rish uchun xizmat qiladi.
Bu talab faqat bosma menyularga taalluqli emas. Ikki narx muassasalarning veb-saytlarida hamda taom va ichimliklar narxi ko‘rsatilgan tashqi reklama peshlavhalarida ham bo‘lishi shart.
Qoidabuzarlik uchun jarimalar belgilangan. Ayrim holatlarda jarima deyarli 2000 yevroga, ba’zi kompaniyalar uchun esa 27 000 yevrogacha yetishi mumkin.
Mamlakatdagi restoratorlar bu yangilikni allaqachon tanqid qilmoqda. Zagreb restoratorlar assotsiatsiyasi rahbari Frans Letika ikkita narx tashrif buyuruvchilarni chalg‘itishi va tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkinligini aytdi.

