Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanalari e’lon qilindi

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekistondagi davlat OTMlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanalari ma’lum qilindi. Ushbu sinovlar 19–20-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari ikki smenada tashkil etiladi: birinchi smena soat 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smena esa 15:00 dan 18:00 gacha davom etadi. Talabgorlar test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin pasport yoki ID karta hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishlari shart. Birinchi smena ishtirokchilari soat 07:30 ga, ikkinchi smena ishtirokchilari esa 14:30 ga qadar tekshiruvdan o‘tib, o‘z joylarini egallashlari lozim.
Testlar 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi. Talabgorlarga jami 90 ta test topshirig‘i beriladi: mutaxassislik fanlaridan 30 tadan, majburiy fanlardan 10 tadan. Testlarni ishlash va javoblarni varaqaga ko‘chirish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.
Test sinovida qatnashish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan olish mumkin.
Avvalroq xorijiy va nodavlat OTMlardan talabalar o‘qishini ko‘chirishda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega talabalarga maksimal ball berish tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgan edi. Bu hukumatning 11-iyundagi qarorida belgilangan.
Reglamentga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi ushbu sohada vakolatli davlat organi hisoblanadi. Ariza beruvchi har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar YIDXP yoki agentlikning maxsus elektron platformasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali ariza beradi.

