Xorijdan qaytgan oʻzbekistonliklarga grantlar beriladi
Oʻzbekiston migratsiya agentligi xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari uchun 60 mln soʻmgacha boʻlgan grantlar tanlovini eʼlon qildi.

Xorijdan qaytgan oʻzbekistonliklarga grantlar ajratiladi
Oʻzbekiston Migratsiya agentligi xorijdan qaytgan fuqarolar oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi yoki kengaytirishi uchun grant qoʻllab-quvvatlovi yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabarida aytiladi.
Dastur Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ishtirokida va Shvetsiya Adliya vazirligining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi — mehnat migratsiyasi tajribasiga ega fuqarolar oʻrtasida tadbirkorlik faolligini ragʻbatlantirishdan iborat.
Bitta biznes-loyihani moliyalashtirishning eng yuqori miqdori 60 mln. soʻmni tashkil etadi. Oluvchilarni saralash tanlov natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
Arizalarni koʻrib chiqishda tashkilotchilar biznes-gʻoyaning asoslanganligi va uni amalga oshirishning aniq rejasi mavjudligini hisobga olishni rejalashtirmoqda.
Loyihaning yangi ish oʻrinlari yaratish qobiliyati asosiy mezonlardan biri boʻladi. Bundan tashqari, moʻljallanayotgan yoki allaqachon ishlab turgan biznesning barqarorligi va samaradorligi baholanadi.
2025–2026 yillarda xorijda ishlab, keyin mamlakatga qaytgan Oʻzbekiston fuqarolari ariza topshirishlari mumkin. Dastur doirasida xotin-qizlar ishtirokiga alohida urgʻu berish rejalashtirilgan.
Arizalar 21 sentyabrgacha qabul qilinadi. Qoʻshimcha maʼlumotlarni Telegram orqali (+998) 90 021 50 38 telefonidan olish mumkin.
Shu bilan birga, Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyada ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun alohida grant dasturi boshlanganini eʼlon qildi. Unda 2024–2026 yillarda Britaniyaning Seasonal Workers Scheme dasturida qatnashganlar ishtirok etishlari mumkin.
Britaniya dasturi ishtirokchilari Toshkentda bir kunlik intensiv treningdan oʻtishlari kerak boʻladi. Tanlovda ishtirok etishni davom ettirish uchun nomzodlar biznes-reja tayyorlashlari va tadbirkorlik tajribasi mavjudligini tasdiqlashlari lozim.
Bundan tashqari, talabgorlar yaqin ikki yil davomida XMT bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashlari kerak. Bu ekspertlar dasturning ishtirokchilar hayot sharoitlariga taʼsirini baholashlari uchun zarur.
Ushbu dasturda ishtirok etish uchun arizalar qabuli 20 sentyabrgacha davom etadi.
Grant tashabbuslari Oʻzbekiston va Shvetsiya oʻrtasida migratsiya sohasidagi hamkorlik kengayayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Iyun oyida mamlakatlar migratsiya va mobillik sohasida sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan edi.
Shuningdek, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari vakillari ushbu sohada pilot dasturni ishga tushirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladilar. Hujjat qonuniy migratsiyani qoʻllab-quvvatlash va akademik almashinuvlarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

