Xizmat koʻrsatish sohasi va sanoat avgust oyida biznes-muhitning oʻsishini koʻrsatdi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi soʻrovi
Tadbirkorlarning avgust oyidagi baholashlari oʻtgan yilga nisbatan yaxshilandi, bunda eng sezilarli ijobiy dinamika xizmat koʻrsatish sohasi va sanoatda kuzatildi, qishloq xoʻjaligi va qurilishda esa baholashlar nisbatan vazminroq boʻldi. Shu bilan birga, biznes uchun asosiy toʻsiqlarning tarqalganligi kamayishda davom etdi.

Xizmat koʻrsatish sohasi va sanoatda avgust oyida ishbilarmonlik muhiti oʻsish koʻrsatdi — IQTDM soʻrovi
Olingan maʼlumotlar asosida biznesning joriy holatini baholash va yaqin uch oydagi kutishlarini aks ettiruvchi ishbilarmonlik muhitining jamlanma indikatori shakllantirildi.
**Oʻzbekiston ishbilarmonlik muhiti jamlanma indeksining dinamikasi**
Avgust oyida ishbilarmonlik muhitining jamlanma Indeksi 59 punktni tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davridagi koʻrsatkichdan 4 punktga yuqoridir. Indeks qiymatining 50 punktdan yuqori boʻlishi tadbirkorlik muhitida optimistik baholashlar ustunlik qilayotganidan dalolat beradi.
Baholashlarga koʻra, joriy holat indeksi va biznes kutishlari indeksi oʻtgan yilga nisbatan toʻrt punktdan oshib, tegishlicha 53 punkt va 66 punktni tashkil etdi.
Soʻnggi uch oy ichida har oʻnta tadbirkordan toʻrttasining (40%) biznes holati yaxshilandi. Respondentlarning yarmi (50%) biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholamoqda, har toʻrtinchi korxonada esa (25%) soʻnggi uch oy ichida xodimlar soni oshgan.
Yaqin uch oy ichida mahsulotga boʻlgan talabning oʻsishini tadbirkorlarning qariyb uchdan ikki qismi (66%) kutmoqda.
**Ishbilarmonlik muhiti Indeksining tarmoqlar boʻyicha dinamikasi**
Oʻtgan yilga nisbatan ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichi sanoat va xizmat koʻrsatish sohasida oʻsdi, qishloq xoʻjaligi va qurilishda esa biroz pasayish qayd etildi.
Sanoatda ishbilarmonlik muhitining jamlanma indikatori 5 punktga yaxshilanib, 53 punktni tashkil etdi. Bu keyingi uch oylik rivojlanish istiqbollari boʻyicha kutishlarning 18 punktga oshib, 73 punktgacha yetgani bilan bogʻliq, biznesning joriy baholari esa 6 punktga pasayib, 35 punktni tashkil etdi.
Oʻtgan yilga nisbatan sanoatda yaqin uch oy ichida biznes holati yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlar ulushi 74% gacha (+5 f.p.) oshdi, mahsulotga boʻlgan talabning oʻsishini kutayotganlar ulushi esa 67% gacha (+7 f.p.) koʻpaydi. Shu bilan birga, oʻz biznesining joriy holatini yaxshi deb baholayotgan tadbirkorlar ulushi biroz pasayib, 35% ni (-4 f.p.) tashkil etdi.
Xizmat koʻrsatish sektorida ishbilarmonlik muhitining jamlanma indikatori sezilarli darajada — 7 punktga yaxshilanib, 64 punktni tashkil etdi. Oʻzgarishlar ham biznesning joriy baholari 11 punktga yaxshilangani, ham keyingi uch oylik rivojlanish istiqbollari boʻyicha kutishlar 4 punktga oshgani bilan izohlanadi.
Xizmat koʻrsatish sektoridagi kompaniyalarning yarmidan koʻpi (56%) biznesning joriy holatini yaxshi deb baholamoqda (+9 f.p.). Yaqin uch oyga moʻljallangan kutishlar ushbu sektor vakillarining 72 foizida (+3 f.p.) yanada ishonchli tus oldi. Shuningdek, soʻnggi uch oy ichida oʻz biznesi holati yaxshilanganini qayd etgan kompaniyalar ulushi ham oshib, 44% ni (+5 f.p.) tashkil etdi.
Qishloq xoʻjaligida ishbilarmonlik muhitining jamlanma indikatori 53 punktni (-4 p.) tashkil etdi. Agrar sektorda joriy baholar (47 p.) oʻzgarishsiz qoldi, tadbirkorlarning kutishlari esa 60 punktgacha (-8 p.) pasaydi.
Soʻnggi uch oy ichida vaziyat yaxshilangani haqida tadbirkorlarning 37 foizi (2025 yilda 42%) maʼlum qildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning 41 foizida mahsulotga boʻlgan talab oshgan, bu oʻtgan yilgi darajadan (49%) biroz pastroqdir.
Qurilishda ishbilarmonlik muhitining jamlanma indikatori oʻtgan yilga nisbatan deyarli oʻzgarmadi (-1 p.) va 60 punktni tashkil etdi. Tarmoqda joriy baholar 3 punktga yaxshilanib, 63 punktga yetdi, biznes kutishlari esa 4 punktga pasayib, 58 punktni tashkil etdi.
Soʻnggi uch oy ichida qurilishdagi joriy vaziyat qurilish korxonalarining 41 foizida yaxshilandi (bir yil avval 37% edi); bunda korxonalarning 46 foizi oʻz biznesining joriy holatini yaxshi deb baholadi (37%). Keyingi uch oy ichida oʻz mahsulotlariga boʻlgan talabning oʻsishini kutayotgan kompaniyalar ulushi 57% ni (avval 61%) tashkil etdi.
**Biznes yuritishdagi toʻsiqlar kamaymoqda**
Biznes yuritishda hech qanday toʻsiqlarga duch kelmayotgan tadbirkorlar ulushi 67% gacha (+8 f.p.) oshdi.
Eng yuqori koʻrsatkich xizmat koʻrsatish sohasida qayd etildi — 72%, keyingi oʻrinlarda qurilish — 63%, qishloq xoʻjaligi — 61% va sanoat — 60%.
Biznes uchun asosiy cheklovlar qatorida soliqqa tortish bilan bogʻliq toʻsiqlar qayd etildi: ularning ulushi 18% gacha (-1 f.p.), bank tizimi bilan bogʻliq toʻsiqlar esa 13% gacha (-2 f.p.) kamaydi.
Boshqa moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan tadbirkorlar ulushi 10% gacha (-2 f.p.) qisqardi, respondentlarning 7 foizi (-1 f.p.) yetarli boʻlmagan talabni koʻrsatdi. Soliq sohasida asosiy qiyinchiliklar soliq maʼmuriyatchiligi (13%) va soliq stavkalari darajasi (5%) bilan bogʻliq.
Tarmoqlar kesimida qishloq xoʻjaligida soliq maʼmuriyatchiligi — 11% (+3 f.p.) va kredit olishdagi qiyinchiliklar — 9% (-2 f.p.) tez-tez tilga olindi.
Sanoatda yetarli boʻlmagan talab 12% ni (-1 f.p.), kreditlashdagi qiyinchiliklar — 11% ni (+5 f.p.), soliq maʼmuriyatchiligi — 8% ni (+4 f.p.) tashkil etdi.
Qurilishda soliq maʼmuriyatchiligi bilan bogʻliq muammolar ulushi 12% gacha (+7 f.p.) oshdi, kredit olish bilan bogʻliq muammolar esa 7% gacha (-6 f.p.) kamaydi.
Xizmat koʻrsatish sohasida tadbirkorlarning 16 foizi soliq maʼmuriyatchiligini, 8 foizi (+3 f.p.) esa yer olishdagi qiyinchiliklarni qayd etdi.

