Xivadagi «Qovun sayli» festivali jahon rekordini o‘rnatdi
Rekordni tasdiqlash jarayonida Guinness World Records rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sheyda

Xivadagi "Qovun sayli" festivali jahon rekordini yangiladi
2026-yil 7-9-avgust kunlari Xiva shahrida joylashgan "Ichan qal’a" va "Arda Xiva" majmualarida "Qovun sayli" festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Joriy yilda festivalga jami 186 ming nafar mehmon tashrif buyurdi, ulardan 150 ming nafari mahalliy va 36 ming nafari xorijiy sayyohlar edi.
Festivalning eng diqqatga sazovor voqealaridan biri "Eng katta qovun degustatsiyasi" bo‘yicha jahon rekordining o‘rnatilishi bo‘ldi. Ushbu tadbirda 259 kishi bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi.
Guinness World Records tomonidan berilgan rasmiy sertifikatga ko‘ra, ushbu rekord 2026-yil 9-avgust kuni Xiva shahrida qayd etilgan. Rekordni tasdiqlash jarayonida Guinness World Records tashkilotining rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sheyda Subashi Gemiji ishtirok etdi.
Festival davomida Xorazm viloyati tumanlari, yetakchi fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘z stendlarida o‘nlab qovun navlarini, shuningdek, viloyatning boshqa mahsulotlari, texnologiyalari va yutuqlarini namoyish etdilar. Mehmonlar turli xil qovunlardan tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish va Xorazmning qishloq xo‘jaligi an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Festivalning yakuniy qismida g‘oliblar e’lon qilindi: uchinchi o‘rin Urganch davlat universiteti, "UzAuto" Xorazm filiali va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Xorazm viloyati boshqarmasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi egalladi. Birinchi o‘rin Yangiariq tumani hokimligiga berildi, bosh sovrin esa Xiva shahar hokimligiga topshirildi.
"Qovun sayli" festivali Xorazm viloyatining yuqori sayyohlik salohiyatini yana bir bor tasdiqladi va agroturizmni rivojlantirish hamda mintaqaning zamonaviy va mehmondo‘st sayyohlik maskani sifatidagi obro‘sini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi", — deyiladi xabarda.

