Xivadagi Lyaoning universiteti filialida 2030/2031 o‘quv yiligacha qabul qilingan talabalar to‘liq grantda o‘qiydi
Xivadagi Lyaoning pedagogika universiteti filialida 2030/2031 o‘quv yiliga qadar qabul qilingan talabalar to‘liq davlat granti asosida o‘qiydi. Filialda har yili 250 nafar informatika o‘qituvchisi sun’iy intellekt bo‘yicha malaka oshiradi, 14 ta texnikum filialga biriktiriladi.

Xivadagi Lyaoning universiteti filialiga 2030/2031 o‘quv yiligacha qabul qilingan talabalar to‘liq grant asosida tahsil oladi
Xiva shahrida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Prezidentning 2-oktabrdagi qaroriga muvofiq, filialda o‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Ta’lim kunduzgi va muqobil shakllarda o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida yo‘lga qo‘yiladi.
Filial Xiva shahridagi Qibla Tozabog‘ mahallasi, Maktab ko‘chasi, 57-uydagi bino va inshootlarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Qarorda filialda ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi belgilangan.
2026/2027-yildan 2030/2031 o‘quv yiliga qadar filialga qabul qilingan talabalar o‘qish muddati davomida to‘liq davlat granti asosida ta’lim oladi.
2030/2031 o‘quv yilidan boshlab esa belgilangan yillik qabul parametrlarining 30 foizi davlat granti hisobidan shakllantiriladi. Filialning qabul parametrlari, to‘lov-kontrakt miqdori, qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibini Kuzatuv kengashi belgilaydi.
Filial bitiruvchilariga oliy ma’lumot to‘g‘risida tan olinadigan filial va (yoki) Lyaoning pedagogika universiteti diplomi beriladi.
Talabalarning amaliyoti hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxona hamda tashkilotlarida, jumladan, dual ta’lim asosida tashkil etiladi.
Hujjatga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, 2026-yil oktabr-noyabr oylarida filialni malakali kadrlar bilan ta’minlash va birinchi talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan. Buning uchun bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar berilib, mutaxassislar tanlov asosida ishga olinadi, shuningdek, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul e’lonlari beriladi va abituriyentlar saralanadi. Noyabr oyiga qadar filial ustavini tasdiqlash, uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda boshqaruv tuzilmasini shakllantirish ham ko‘zda tutilgan.
2027-yil 1-yanvardan filialda umumta’lim maktablarining informatika fani o‘qituvchilari uchun sun’iy intellekt bo‘yicha mentorlik malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Har yili 250 nafar pedagog malaka oshirish uchun tanlab olinadi. Filialda ular uchun kamida 72 soatlik aralash — onlayn va oflayn — shakldagi kurslar o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarda Lyaoning universiteti jalb qiladigan xorijiy mutaxassislar hamda filial professor-o‘qituvchilari ishtirok etadi.
Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan o‘qituvchilarga sertifikat beriladi. Mazkur sertifikat informatika o‘qituvchisining malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadi. Malaka oshirgan pedagoglar 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlarida mentor o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishi belgilangan.
Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 12 ta viloyat hamda Toshkent shahridagi jami 14 ta texnikum filialga biriktirilgan.
Ularda Xitoy tajribasi asosida turizm va axborot texnologiyalari bo‘yicha takomillashtirilgan ta’lim dasturlari va o‘qitish metodikalari joriy etiladi. Texnikum bitiruvchilariga o‘zlashtirgan fanlarini inobatga olgan holda bakalavriatning tegishli bosqichidan o‘qishni to‘lov-kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Lyaoning pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialiga mahalliy oliy ta’lim tashkilotlari akademik hamkor sifatida biriktirilgan.
Xalqaro xitoy tili ta’limi bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti; turizm boshqaruvi bo‘yicha “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Urganch davlat universiteti hamkor sifatida belgilangan.
Xalqaro biznes yo‘nalishida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Urganch davlat universiteti, sun’iy intellekt bo‘yicha esa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Urganch davlat universiteti bilan hamkorlik qilinadi.
Filialning pedagogik va ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida jalb qilingan mahalliy professor-o‘qituvchilar va xodimlarga Yagona tarif setkasi bo‘yicha belgilanadigan tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 1,5 baravar miqdorda hisoblanadi. Xorijdan, jumladan Lyaoning universitetidan jalb qilinadigan rahbar va professor-o‘qituvchilarning mehnatiga haq to‘lash miqdori esa mehnat bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, shartnomalar asosida belgilanadi.
“Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, 2028-yil apreliga qadar filialning ustuvor ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari aniqlanadi. 2029-yil yanvarga qadar esa oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, filial axborot-resurs markazi 2027−2030-yillarda zamonaviy adabiyotlar bilan boyitiladi va uning resurslari Unilibrary.uz elektron kutubxona platformasiga kiritib boriladi.

