Xivada yangi xalqaro turistik shaharcha barpo etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida barpo etilishi rejalashtirilgan xalqaro turistik shaharcha loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Xivada yangi xalqaro turistik shaharcha bunyod etiladi. Ushbu shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uygʻunlashtirgan holda qad rostlaydi. Uning meʼmoriy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning koʻp asrlik shaharsozlik anʼanalari, xususan, 1511-yilda Xiva xonligining ilk poytaxti boʻlgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va koʻchalar tarmogʻi asos qilib olingan.
Umumiy maydoni 12,3 gektar boʻlgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlarni namoyish etuvchi muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, shuningdek, savdo va xizmat koʻrsatish obʼyektlari joylashadi.
Hududning katta qismi yashil maydonlar va sayr yoʻlaklariga ajratiladi. Sharsharali favvoralar va ichki ariqlar tashkil etiladi. Avtoturargohlarda quyosh panellari oʻrnatilgan soyabonlar qurilishi ham rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, Xorazmda transport-logistika va turizm infratuzilmasining izchil rivojlanishi sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy turistik majmualarni koʻpaytirish, xizmatlar turini kengaytirish va sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi shaharcha Ichan-qalʼaga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirish, sayyohlar uchun yangi yoʻnalish va xizmatlarni taklif etishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida minglab yangi ish oʻrinlari yaratilishi, aholi uchun avtomobillar harakatidan xoli yashil dam olish hududlari barpo etilishi koʻzda tutilgan.

