Mahalliy

Xivada yangi «aqlli shahar» barpo etiladi

Pokistonning yirik qurilish va infratuzilma kompaniyalaridan biri - Habib Rafiq Engineering (Pvt.) Ltd. Xiva shahrida yangi «aqlli shahar» investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonini boshladi. Kompaniya va Xorazm viloyati hokimligi oʻrtasida loyiha boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Xivada yangi "aqlli shahar" quriladi

"Dunyo" axborot agentligining xabar berishicha, Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi koʻmagida Habib Rafiq Engineering (HRL) kompaniyasi delegatsiyasi Oʻzbekistonga navbatdagi tashrifini amalga oshirdi.

Tashrif davomida kompaniya rahbariyati Xorazm viloyatida boʻlib, viloyat hokimligi bilan Xiva shahrida "aqlli shahar" investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha anglashuv memorandumini imzoladi.

Ushbu kelishuv qadimiy Xiva shahrini kengaytirish doirasida yangi zamonaviy shahar hududini barpo etish loyihasini amalga oshirish yoʻlidagi muhim dastlabki qadam sifatida baholanmoqda.

Rejaga koʻra, yangi "aqlli shahar"da zamonaviy muhandislik va transport infratuzilmasi, kommunal tizimlar hamda barqaror shaharsozlik yechimlari joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Loyiha Xiva shahrining tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylagan holda zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan. Shuningdek, u mahalliy aholi va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, investitsiyalarni jalb qilish hamda innovatsion yechimlarni keng joriy etishni nazarda tutadi.

Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, HRL Markaziy Osiyoda "aqlli shaharlar"ni rejalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, transport tarmoqlari, kommunal tizimlar va ekologik barqaror shahar yechimlari boʻyicha oʻz tajribasini qoʻllashni rejalashtirmoqda.

HRL vakili Xalid Taymur loyiha oddiy shaharsozlik tashabbusidan kengroq ahamiyat kasb etishini bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, tashabbus zamonaviy infratuzilma, iqtisodiy oʻsish, texnologik innovatsiyalar va ekologik barqarorlikni Xivaning tarixiy qiyofasi va madaniy merosi bilan uygʻunlashtirishni koʻzda tutadi.

Kompaniya Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va loyihani birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Habib Rafiq Engineering Pokistonda yirik infratuzilma va "aqlli shahar" loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega. Kompaniya ishtirokida mamlakatda Capital Smart City Islamabad va Lahore Smart City kabi yirik shaharsozlik loyihalari amalga oshirilgan.

Xivadagi yangi loyiha amalga oshirilishi Xorazm viloyatida zamonaviy shaharsozlikni rivojlantirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish, transport va kommunal infratuzilmani takomillashtirish hamda hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.