Xivada toʻrtinchi Oʻzbekiston–Belarus parlamentlararo forumi boshlandi
Forumda Oʻzbekiston va Belarus parlamentlari palatalari rahbarlari va aʼzolari, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy Kengashlar, oliy taʼlim muassasalari, yoshlar parlamentlari hamda biznes vakillari qatnashmoqda.

Xivada toʻrtinchi Oʻzbekiston–Belarus parlamentlararo forumi ish boshladi
29-sentabr kuni Xiva shahrida «Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollari» mavzusida toʻrtinchi Oʻzbekiston–Belarus parlamentlararo forumi oʻz faoliyatini boshladi.
Forumda Oʻzbekiston va Belarus parlamentlari palatalari rahbarlari hamda aʼzolari, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy Kengashlar, oliy taʼlim muassasalari, yoshlar parlamentlari va biznes vakillari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan tadbirda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, yangi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Forum doirasida Oʻzbekiston va Belarus mahalliy vakillik organlari vakillarining uchrashuvi ham boʻlib oʻtadi.
Xivada Oʻzbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining toʻrtinchi biznes-forumi ham tashkil etilmoqda. Unda sanoat kooperatsiyasi, qoʻshma investitsiyalar, agrosanoat, oziq-ovqat xavfsizligi, biotexnologiyalar, turizm, shuningdek, gumanitar va ijtimoiy sohalardagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqiladi.
Tadbir qatnashchilari «Made in Uzbekistan» va «Made in Belarus» brendlari ostida ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlar koʻrgazmasi bilan ham tanishishlari mumkin.
Forum yakunida Xiva deklaratsiyasini qabul qilish, shuningdek, tijorat shartnomalari, hamkorlik bitimlari va memorandumlarni imzolash rejalashtirilgan.

