Xitrou aeroportining uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi 2039 yilgacha kechiktirilishi mumkin
Buyuk Britaniyaning eng gavjum aeroporti rejalashtirish jarayoni soddalashtirilmasa, 2035 yilga belgilangan dastlabki maqsadga erishish qiyin boʻlishini aytmoqda.

Xitrou aeroportining rejalashtirilgan uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi endi 2039 yilgacha kechiktirilishi mumkin
Buyuk Britaniyaning eng gavjum aeroporti boʻlmish Xitrou Gʻarbiy Londondagi ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagi va toʻrtta yoʻlovchi terminali orqali yiliga 80 million sayyohga xizmat koʻrsatadi.
Xitrou aeroporti loyihalashtirilayotgan uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi rejalashtirish va tartibga solishdagi toʻsiqlar tufayli toʻrt yilga kechikishi mumkinligini maʼlum qildi.
Hukumat Buyuk Britaniyaning eng gavjum aeroportidagi qiymati 49 milliard funt sterlingga baholanayotgan yangi uchish-qoʻnish yoʻlagining 2035 yilgacha ishga tushirilishini istagan edi.
Biroq Xitrouning taʼkidlashicha, agar rejalashtirish jarayonini soddalashtirish uchun koʻproq ish qilinmasa, ushbu muddatga ulgurish qiyinlashib bormoqda. Shanba kuni aeroport rahbariyati 2029 yilgacha rejalashtirish uchun ruxsatnoma olishga va keyin «oʻn yil ichida» yoʻlakni ochishga umid qilayotganini bildirdi.
Transport vazirligi (DfT) loyiha jadvali «har domon ambitsiyali» boʻlganini va bu masala boʻyicha manfaatdor tomonlar bilan «jadal surʼatlarda» ishlashda davom etishini maʼlum qildi.
Aeroportning taʼkidlashicha, uning «asosiy stsenariysi» doimo rejalashtirish uchun ruxsatnoma olinganidan keyin oʻn yil ichida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagini ochish boʻlgan.
U kantslerning infratuzilmani optimallashtirish hamda siyosiy va tartibga soluvchi toʻsiqlarni bartaraf etish borasidagi saʼy-harakatlarini olqishlashini bildirdi va vazirlar, aviakompaniyalar hamda manfaatdor tomonlar bilan «rejalashtirish arizasini jadal surʼatlarda ilgari surish» uchun hamkorlikni davom ettirishga vaʼda berdi.
Sobiq kantsler Reychel Rivz 2025 yil yanvarida loyihani hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini eʼlon qilgan edi, ilgari tanqidiy fikrda boʻlgan Bosh vazir Endi Bernem esa lavozimga kirishganida ushbu sxemaga «ochiq fikrda» ekanini aytgandi.
Garchi ushbu reja atrof-muhitni muhofaza qilish faollari va yaqin atrofdagi hududlarning mahalliy aholi guruhlari tomonidan keng qarshiliklarga duch kelgan boʻlsa-da, u 100 000 ga yaqin ish oʻrni yaratishi va iqtisodiyotga katta turtki berishi kutilmoqda.
Kengaytirish yuzlab uylarni buzishni, daryolar oʻzanini oʻzgartirishni va M25 avtomagistralini 14 va 15-chiqishlar oraligʻida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi ostidagi tunnel orqali qayta yoʻnaltirishni nazarda tutadi.
Aeroportdan amalga oshiriladigan va hozirda yiliga 480 000 ta bilan cheklangan parvozlar soni 720 000 gacha — yoki kuniga oʻrtacha deyarli 2 000 tagacha koʻpayishi mumkin.
London meri Sadiq Xon shovqin, havoning ifloslanishi va iqlim oʻzgarishiga taʼsiridan ogohlantirib, ushbu loyihaga izchil ravishda qarshi chiqib kelmoqda.
Kengaytirish boʻyicha maslahatlashuvlar shu yilning iyun oyida eʼlon qilingan edi. U yakunlangach, parlament ovoziga qoʻyilishi kerak, bu esa xabarlarga koʻra, 2027 yilgacha kechiktirilishi mumkin.
DfT matbuot kotibi shunday dedi: «Hozirda uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi uchun faol rejalashtirish arizasi yoʻq va biz davom etayotgan maslahatlashuv jarayonlariga izoh bera olmaymiz yoki ularga faqat taraqqiyotni kechiktiradigan tarzda taʼsir koʻrsata olmaymiz.
«Muddatlar doimo ambitsiyali boʻlgan. Biz uchinchi uchish-qoʻnish yoʻlagi uchun rejalashtirish arizasini koʻrib chiqish imkonini beruvchi tegishli tizimni yaratish maqsadida tashabbuskorlar, jumladan Xitrou va boshqa barcha manfaatdor tomonlar bilan jadal surʼatlarda ishlashda davom etamiz».
Xitrou matbuot kotibi shunday dedi: «Ambitsiyali maqsadlar qoʻyilgani toʻgʻri; kengaytirish qanchalik tez boshlansa, butun Buyuk Britaniya shunchalik tez foyda koʻradi».
Ularning soʻzlariga koʻra, bu foydalar qatoriga «kamida 108 000 ta yangi ish oʻrni va mamlakatning har bir hududidagi taʼminot zanjirlariga kiritiladigan milliardlab funt sterling investitsiyalar» kiradi.
«Bu 100% xususiy moliyalashtiriladigan milliy loyiha boʻlib, u bugungi oʻsishni qoʻllab-quvvatlaydi va uchish-qoʻnish yoʻlagi ochilgandan keyin Buyuk Britaniyaning global iqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlaydi».
Xitrou Buyuk Britaniyaning eng gavjum aeroporti boʻlib, oʻzining toʻrtta yoʻlovchi terminali va ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagi bilan yiliga 80 milliondan ortiq sayyohga xizmat koʻrsatadi.

