Xitoydagi «tashlandiq gigant» yana qurilmoqda
Xitoyda balandligi 597 metr bo‘lgan Goldin Finance 117 osmono‘par binosi qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Qariyb o‘n yil davomida bitkazilmay turgan 117 qavatli inshoot qurilishi o‘tgan yili qayta tiklangan bo‘lib, rejaga ko‘ra, ishlar joriy yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.

Xitoyda "tashlandiq gigant" nomi bilan tanilgan Goldin Finance 117 osmono‘par binosining qurilishi qayta tiklandi. Internetda tarqalgan yangi suratlarda ushbu 597 metr balandlikdagi inshootning qurilish jarayoni aks etgan. Hozirda u dunyodagi eng baland tugallanmagan osmono‘par bino hisoblanadi.
Goldin Finance 117 loyihasi 2008-yilda boshlangan bo‘lib, dastlab Xitoyning eng baland binosi bo‘lishi rejalashtirilgan edi. 117 qavatdan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan majmua kuchli shamol va zilzilalarga chidamliligini oshirish maqsadida "megakolonnalar" deb nomlanuvchi yirik konstruksiyalardan foydalanilgan holda qurilmoqda.
Binoning tashqi ko‘rinishi o‘ziga xos bo‘lib, hassani eslatadi. Yuqori qismida rombsimon konstruksiya barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u yerda atrium, basseyn va shaharni yuqoridan kuzatish imkonini beruvchi maydoncha joylashadi. P&T Group arxitektura kompaniyasi loyihasiga ko‘ra, yuqori qavatlarda ofislar va besh yulduzli mehmonxona tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
**Qurilishning qariyb 10 yilga to‘xtab qolishi sabablari**
2015-yilda Xitoy fond bozoridagi keskin pasayish Goldin Finance 117 qurilishining to‘xtatilishiga sabab bo‘ldi. Moliyaviy inqiroz loyihani amalga oshirayotgan Gonkongning Goldin Properties Holdings kompaniyasi kelajagini ham xavf ostiga qo‘ydi. Kompaniya asoschisi Pan Sutun bir vaqtlar Gonkongning eng boy tadbirkorlaridan biri bo‘lgan, ammo keyinchalik Goldin Properties Holdings likvidatsiya jarayoniga qadar yetib borgan. Natijada, deyarli tayyor holatga kelgan ulkan osmono‘par bino yillar davomida tugallanmay qoldi.
Manbalarga ko‘ra, Goldin Finance 117 qurilishi o‘tgan yil bahorida qayta tiklangan va ob’yektni joriy yil oxiriga qadar to‘liq bitkazish rejalashtirilmoqda.
**Xitoydagi 500 metrlik cheklov ta’siri**
Goldin Finance 117 yana bir jihati bilan ahamiyatlidir. Xitoyda keyinchalik balandligi 500 metrdan oshadigan yangi binolar qurilishiga cheklovlar joriy qilingan. Biroq, Goldin Finance 117 ushbu talablar kuchga kirishidan oldin 500 metrlik chegaradan oshib bo‘lgani sababli, uning qurilishini davom ettirishga ruxsat berilgan. Shu tariqa, u Xitoyda 500 metrlik chegaradan yuqori bo‘lgan so‘nggi osmono‘par binolardan biri bo‘lib qolishi mumkin.
**Reytingdagi o‘zgarishlar**
Qurilishning uzoq vaqt to‘xtab qolishi Goldin Finance 117'ning osmono‘par binolar reytingidagi o‘rniga ham ta’sir qildi. Loyiha boshlangan vaqtda u Xitoyning eng baland binosi bo‘lishi kutilgan edi. Ammo qurilish to‘xtab turgan yillarda Shanxay minorasi va Shenchjen shahridagi Ping An Finance Center undan o‘zib ketdi. Shu sababli, Goldin Finance 117 qurib bitkazilganidan keyin balandligi bo‘yicha Xitoyda uchinchi, dunyoda esa oltinchi o‘ringa da’vogar bo‘ladi.
Biroq, o‘n yillik oxiriga qadar Saudiya Arabistonidagi bir kilometr balandlikdagi Jeddah Tower va Dubaydagi Burj Azizi kabi yana ikki ulkan loyiha yakunlansa, Goldin Finance 117 jahon reytingida sakkizinchi o‘ringa tushishi mumkin.
Shunday qilib, qariyb o‘n yil davomida qurilishi to‘xtab turgan Goldin Finance 117 Xitoy ko‘chmas mulk bozoridagi muammolar ramzidan to‘laqonli biznes markaziga aylanish arafasida turibdi.

