Xitoyda o‘lik deb hisoblangan ayol tobutda hushiga keldi

Xitoyda o‘lik deb o‘ylangan ayol tobut ichida hushiga keldi
Xitoyning Xebey provinsiyasida 70 yoshli ayol tobutga joylashtirilganidan ikki kun o‘tib, kutilmaganda hushiga kelgan.
Ayol uzoq yillar davomida saraton va miya qon tomirlari trombozi bilan kurashib kelgan. Shifokorlar kasallikni davolab bo‘lmasligini aytgach, yaqinlari uni parvarish qilish uchun uyiga olib ketishgan.
8-sentyabr kuni qarindoshlari ayolni jonsiz holatda topib, dafn marosimiga tayyorgarlikni boshlagan. Boshqa shaharda yashovchi oila aʼzolari kelguniga qadar jasadni saqlash uchun uni muzlatkichli tobutga joylashtirishgan.
11-sentyabr kuni yaqinlari vidolashish uchun yig‘ilgan paytda, o‘lik deb hisoblangan ayol birdan hushiga kelib, ko‘zlarini ochgan. Ammo uning ahvoli juda og‘ir bo‘lib, u na ovqatlangan, na suv ichgan edi.
O‘sha kechaning o‘zida ayol vafot etgan. Dafn marosimi 13-sentyabr kuni o‘tkazilgan.
Bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda uning ishonchliligi borasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Mahalliy aholi esa o‘z qishlog‘ida shunday voqeani eshitganini aytgan.
Shifokorlar bunday holatni “soxta o‘lim” deb ataydi. Bunda organizmning hayotiy ko‘rsatkichlari deyarli sezilmay qoladi: nafas olish va yurak urishi shu qadar sustlashadiki, ularni oddiy usullar bilan aniqlash qiyin bo‘lishi mumkin.

