Xitoyda ikki yuqori martabali general partiya va armiyadan chetlatildi

Xitoyda ikki yuqori martabali general partiya va armiyadan chetlatildi
Xitoyda ikki yuqori martabali harbiy general — Chjan Yusya va Lyu Chjenli kommunistik partiya hamda harbiy xizmatdan chetlatildi.
Chjan mamlakat raisi Si Szinpin qo‘l ostida Markaziy harbiy kengash raisi o‘rinbosari bo‘lgan. U oliy harbiy qo‘mondonlik organida ikkinchi shaxs sanalgan. Lyu esa Markaziy harbiy kengash a’zosi va uning Birlashgan shtab boshqarmasi rahbari edi.
Yanvar oyida Chjan va Lyu ustidan tergov boshlangan edi, avgust oxirida esa ular Markaziy harbiy kengash tarkibidan chiqarildi. Si Szinpin 2012-yilda hokimiyatga kelganidan beri korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli va intizomiy kampaniyalardan birini olib bormoqda.
So‘nggi yillarda harbiylar ushbu kampaniyaning asosiy nishonlaridan biriga aylandi. Bir qator tergovlar va lavozimdan olishlar natijasida sobiq yetti a’zodan iborat Markaziy harbiy kengashda faqat ikki nafar faol shaxs qoldi, jumladan, Xitoy raisi Si Szinpin ham.
Xitoy rahbariyati ikki generalni partiyaga sadoqatsizlikda, partiya tamoyillaridan voz kechganlikda, qat’iy intizomni ta’minlamaganlikda, xodimlar va oila a’zolarini nazorat qilmaganlikda aybladi.
Sinxua davlat axborot agentligi rasmiy hujjatlarga tayanib xabar berishicha, Chjan va Lyu siyosiy intizom hamda siyosiy qoidalarni jiddiy ravishda buzgan, guruhlar va fraksiyalar tuzgan, partiyaga sodiq bo‘lmagan.
Ular qizil chiziqlardan o‘tgani, korrupsiya orqali shaxsiy boylik orttirgani va mansabni suiiste’mol qilgani ta’kidlangan.
Bayonotda gap nihoyatda katta miqdordagi mablag‘lar haqida borayotgani, ularning xatti-harakatlari jiddiy xarakterga ega ekani va oqibatlari o‘ta salbiy bo‘lgani aytiladi.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining Xitoy bo‘yicha sobiq tahlilchisi va Jorjtaun universitetining katta ilmiy xodimi Dennis Uaylderning ta’kidlashicha, armiyadagi yuqori martabali ofitserlarga nisbatan korrupsiya ayblovlari odatiy hol bo‘lsa-da, “sadoqatsizlik ayblovlari misli ko‘rilmagan holat bo‘lib, ular guruh va fraksiyalar tuzishni o‘z ichiga oladi”.
Uaylderning aytishicha, sadoqatsizlik haqidagi ayblovlar “Mao davrini eslatadi”. Agar bu ayblovlar tasdiqlansa, bu Si Szinpin vaziyatni o‘z hokimiyati va siyosiy mavqeyiga jiddiy tahdid sifatida ko‘rganini anglatishi mumkin.

