Iqtisodiyot

Xitoyda 2 million robot bor, ammo yetakchi boshqa: zavodlarni robotlashtirishda kim oldinda?

Xitoy sanoat robotlarining umumiy soni boʻyicha ulkan koʻrsatkichga ega boʻlsa-da, ishchilar soniga nisbatan robotlashtirish darajasida Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda. Bu mamlakatda qayta ishlash sanoatining har 10 ming xodimiga 1220 ta robot toʻgʻri keladi - jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan toʻqqiz barobardan ham koʻp.

Xitoyda 2 million robot bor, ammo yetakchi boshqa: zavodlarni robotlashtirishda kim oldinda?

Visual Capitalist infografikasida ishlab chiqarishni robotlashtirish darajasi eng yuqori boʻlgan 22 ta iqtisodiyot jamlangan. Reyting Xalqaro robototexnika federatsiyasi — IFR tomonidan 2026-yil aprelda eʼlon qilingan va 2024-yil maʼlumotlariga tayangan.

Bu yerda mamlakatdagi robotlarning umumiy soni emas, balki qayta ishlash sanoatida ishlayotgan har 10 ming xodimga nechta sanoat roboti toʻgʻri kelishi hisobga olingan.

Sanoat robotlari avtomobil kuzovlarini payvandlash, elektronika yigʻish va mahsulotlarni qadoqlash kabi ishlarni bajaradi. Ammo robotlar sonining koʻpligi mamlakat aynan shu nisbiy koʻrsatkichda ham yetakchi ekanini anglatmaydi.

Janubiy Koreya va Singapur oldinda

Janubiy Koreyada har 10 ming sanoat xodimiga 1220 ta robot toʻgʻri keladi. Jahon boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich esa 132 tani tashkil etadi.

Ikkinchi oʻrindagi Singapurda har 10 ming xodimga 818 ta robot toʻgʻri kelgan. Bu uchinchi oʻrindagi Germaniya koʻrsatkichidan qariyb ikki barobar yuqori: Germaniyada bu raqam 449 tani tashkil etgan.

Janubiy Koreyada elektronika va avtomobil sanoati juda rivojlangan. Aynan shu ikki tarmoq sanoat robotlarining dunyodagi eng yirik isteʼmolchilari hisoblanadi. 2024-yilda dunyo boʻyicha yangi oʻrnatilgan robotlarning qariyb yarmi shu sohalar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Avtomatlashtirishni kuchaytirayotgan yana bir omil — demografik vaziyat. Manbada aytilishicha, 2025-yilda Janubiy Koreyada tugʻilishning yigʻindi koeffitsiyenti bir ayolga 0,75 nafar bolani tashkil etgan. Bu dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biri boʻlib, ishlab chiqaruvchilar mehnat resurslari qisqarishi bilan yuzlashmoqda.

Singapurda ham shunga oʻxshash holat kuzatilmoqda. Qayta ishlash sanoatida xodimlar soni nisbatan kam boʻlgan bu mamlakatda tugʻilish koeffitsiyenti bir ayolga 0,96 nafar bolani tashkil etadi.

Nega Xitoy yetakchi emas?

2024-yilda Xitoyda qariyb 2 millionta sanoat roboti ishlagan. Bu dunyoda foydalanilayotgan barcha sanoat robotlarining taxminan 43 foiziga teng.

Biroq mamlakatning qayta ishlash sanoatida juda koʻp odam mehnat qiladi. Shu sababli har 10 ming xodimga toʻgʻri keladigan robotlar soni 166 tani tashkil etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.