Dunyo

Xitoy tijorat kemalari harbiy aloqa signallarini kuzatayotgani iddao qilindi

Xitoyning yirik COSCO yuk tashish kompaniyasiga tegishli tijorat kemalari yashirin radioelektron razvedka platformalari sifatida ishlatilayotgan boʻlishi mumkin. Reuters suhbatlashgan AQSH maʼmuriyati vakillariga koʻra, bunday kemalar Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyodagi dengiz hamda havo transport vositalaridan tarqaladigan aloqa signallarini tutib olish imkoniga ega. Xitoy tomoni esa bu daʼvolarni rad etgan.

Xitoy tijorat kemalari harbiy aloqa signallarini kuzatayotgani aytildi

Reuters agentligi AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining ismi oshkor etilmagan ikki vakiliga tayanib, Xitoyning COSCO yuk tashish kompaniyasi kemalaridan radioelektron razvedka maʼlumotlarini yigʻish uchun foydalanayotgani haqida xabar berdi.

AQSH rasmiylarining baholashicha, COSCO oʻnlab yillar davomida Pekin bilan razvedka maʼlumotlarini toʻplash yoʻnalishida hamkorlik qilib kelgan. Taʼkidlanishicha, bunday tizim Xitoyga Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo hududlarida harakatlanayotgan kemalar hamda havo kemalaridan tarqaladigan aloqa signallarini tutib olish imkonini berishi mumkin.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakillari esa bu ayblovlarni inkor etgan.

Radioelektron razvedka uchun moʻljallangan maxsus uskunalar hajmi, tuzilishi va imkoniyatlariga qarab turlicha boʻlishi mumkin. Ular nisbatan kichik va oddiy qurilmalardan tortib, murakkab razvedka komplekslarigacha yetishi mumkin.

Zamonaviy yirik tijorat kemalari odatda koʻplab antennalar, aloqa va navigatsiya vositalari bilan jihozlangani sababli, bunday maxsus uskunalarni tashqi tomondan sezilmaydigan tarzda joylashtirish texnik jihatdan mumkinligi qayd etilgan.

Kemalar orqali toʻplangan razvedka maʼlumotlari keyin qanday ishlatilishi aniq emas. Biroq bortdagi tizimlar qabul qilingan maʼlumotlarni yozib olishi va keyinchalik xavfsiz sharoitda ularni boshqa markazlarga jismoniy tashuvchilar yoki aloqa kanallari orqali yetkazishi mumkin.

Oddiy passiv radioelektron razvedka komplekslari avtonom tarzda ishlay oladi. Murakkabroq tizimlar esa kema sunʼiy yoʻldosh aloqasiga ulangan taqdirda dunyoning istalgan nuqtasidan masofadan boshqarilishi mumkin. Hozirgi vaqtda yuqori tezlikdagi sunʼiy yoʻldosh aloqasi jahondagi tijorat kemalarida keng qoʻllanadi.

Shuningdek, bunday tizimlarni bevosita kema bortida boʻlgan mutaxassislar boshqarishi mumkin. Ular uskunalar ishlashini nazorat qilish bilan birga, tutib olingan va razvedka uchun qiziqish uygʻotadigan signallarni dastlabki tahlildan oʻtkazish imkoniga ham ega boʻlishi mumkin.

Kemalar maxsus maʼlumot uzatish kanallari bilan jihozlangan boʻlsa, toʻplangan axborotni deyarli real vaqt rejimida razvedka tarmogʻining boshqa nuqtalariga, jumladan Xitoy hududidagi markazlarga yuborish imkoni paydo boʻladi. U yerda maʼlumotlar keyingi tahlil va foydalanish uchun qayta ishlanishi mumkin.

Reuters manbalariga koʻra, razvedka platformasi sifatida moslashtirilgan tijorat kemalarining ustuvor vazifalaridan biri harbiy aloqa texnologiyalari hamda shifrlash vositalarining rivojlanishi haqida maʼlumot toʻplash boʻlishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.