Dunyo

Xitoy suvosti dronlarini olib yurishga qodir “ona kema” qurmoqda (foto)

Xitoy suvosti dronlarini tashishga qodir “ona kema” barpo etmoqda (foto)

Xitoy suvosti dronlarini joylashtirish uchun “ona kema” qurmoqda. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayangan holda The Independent xabar berdi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Vantor tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, ularda kemaning Shanxaydagi Hudong-Zhonghua kemasozlik zavodida qurilayotgani ko‘rsatilgan. Xitoy avval ham shu zavodda yirik amfibiya harbiy kemalarini qurgan.

Ulardan birining uzunligi 35 metr bo‘lib, AQSH harbiy-dengiz kuchlarining Orca suvosti apparatidan ikki baravar katta, ikkinchisining uzunligi esa 45 metrni tashkil etadi.

“Eng ishonchli izoh shuki, bu dronlarga mo‘ljallangan suvosti ona kemasi”, dedi dengiz floti tarixchisi va tahlilchi H. I. Sutton Naval News nashrida.

U kemaning ehtimoliy vazifasini aniqlash uchun bir nechta sun’iy yo‘ldosh tasvirlari o‘rganilganini aytdi. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, amfibiya kemasining korpusi taxminan 204 metr uzunlikda va 27 metr kenglikda. U 12 ta vertikal ko‘tarish moslamasi yordamida suvga tushirilishi mumkin bo‘lgan maxsus platformaga ega.

Bu esa kemaning “fuqarolik yoki tadqiqot maqsadlarida foydalanilishi” haqidagi taxminni ishonchsiz qiladi. Mudofaa mutaxassislari sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan olingan dalillar ishonchli, ammo yakuniy xulosa chiqarish uchun yetarli emasligini aytmoqda.

“Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Xitoy yirik suvosti dronlar uchun maxsus ona kema qurayotganini isbotlamaydi. Ammo bu imkoniyatni rad etishni tobora qiyinlashtiradi”, dedi Birlashgan Qirollik xizmatlar instituti dotsenti Alessandro Arduino.

U Xitoy ko‘proq sensorlar, yuk va energiyani olib yurishga qodir bo‘lgan, shu orqali dengizda uzoqroq qolishi va topshiriqlarni kamroq xarajat evaziga bajarishi mumkin bo‘lgan yirikroq avtonom suvosti platformasini ishlab chiqayotganini aytdi. Xitoy harbiylari bunday kema qurilayotganini na tasdiqladi, na inkor etdi.

“Bu yangi turdagi platforma. Men maxsus qurilgan suvosti kemasiga ega bo‘lgan boshqa hech qanday davlatni bilmayman”, dedi Hindistonning Takshashila instituti tadqiqotchisi Aditya Ramanatan.

Suvosti dronlari kichik o‘lchamlari sabab ko‘plab jihatlarda cheklangan bo‘lsa-da, yirik kemalar bajara olmaydigan vazifalarni, masalan, sayozroq hududlarga kirishni amalga oshirishi mumkin.

“Ular tovushlarni, boshqa kemalarning akustik belgilari haqida ma’lumotlarni to‘plashi va katta ma’lumotlar bazasini yaratishi mumkin, shunday qilib, kelajakda ular bu akustik belgilarni aniqlaganda, nimaga duch kelganliklarini darhol ayta oladi”, dedi Ramanatan.

Ta’kidlanishicha, “ona kema” ushbu suvosti dronlarining qamrovini kengaytirishi va raqiblarining navigatsiya erkinligini cheklashga xizmat qilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.