Xitoy suvosti dronlari uchun ikkita «suzuvchi baza» quryaptimi?
Xitoyning Guanchjou shahrida yirik suvosti dronlarini tashish va ularga xizmat koʻrsatishga moʻljallangani taxmin qilinayotgan yangi kema tasvirga olindi. U avval Shanhayda kuzatilgan kemaga oʻxshaydi. Yangi suratlar mamlakatda shunday vazifadagi kamida ikkita kema qurilayotgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Xitoy suvosti dronlari uchun ikkita «suzuvchi baza» qurayaptimi?
The War Zone nashrining yozishicha, taxminan bir oy avval Shanxaydagi Chansindao oroli verfiga oid gʻayrioddiy kema qurilishi yakunlanishga yaqinlashgani haqida xabarlar tarqalgan. Uning tuzilishi suvosti uchuvchisiz apparatlarini joylashtirish, suvga tushirish va ularga xizmat koʻrsatish uchun moslashtirilgan boʻlishi mumkin.
Guanchjouda olingan yangi suratda tashqi koʻrinishi jihatidan Shanxaydagi kemaga juda oʻxshash, biroq undan kichikroq kema tasvirlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, u avvalgisidan taxminan uchdan birga kichik. Korpus shaklida ham ayrim farqlar bor.
Yangi kemada oltita koʻtarish minorasi koʻrinadi. Shanxaydagi kattaroq kemada esa oltita katta va oltita kichik konstruksiya mavjud. Ikkala loyihada ham oldingi ustqurma ortida parvoz palubasi va angar joylashgan, tutun quvurlarining joylashuvi ham oʻxshash.
Hozircha bu kemalar, avvalo, tajriba platformalari sifatida baholanmoqda. Ularning aniq vazifalari va imkoniyatlari haqida ochiq maʼlumotlar cheklangan.
Bunday kemalar yirik suvosti dronlarini Xitoy sohillaridan uzoq hududlarga olib borish, suvga tushirish, qaytarib olish va texnik xizmat koʻrsatish imkonini berishi mumkin. Bu uzoq vaqt mustaqil patrullik qila oladigan apparatlardan foydalanishni yengillashtiradi.
Katta masofaga harakatlana oladigan suvosti dronlari dengiz tubini xaritalash, minalarni qidirish, suvosti kemalari va suv ustidagi nishonlarni aniqlash kabi vazifalarni bajarishi mumkin. Kelajakda bunday apparatlardan qanotli raketalar yoki boshqa dronlarni uchirish uchun foydalanish ehtimoli ham muhokama qilinmoqda. Biroq bu imkoniyatlar aynan suratdagi kemalar yoki ular tashiydigan apparatlarda mavjudligi tasdiqlangan emas.
Materialda bunday flotning kengayishi Xitoyning Tinch okeanidagi uzoq hududlarda operatsiyalar oʻtkazish imkoniyatlarini oshirishi mumkinligi taʼkidlangan. AQSH obyektlariga ehtimoliy tahdid haqidagi mulohazalar esa hozircha ushbu texnologiyalarning kelajakdagi qoʻllanishiga oid baholardir.

