Iqtisodiyot

Xitoy elektromobil va gibridlarining YeIga importi ikki baravar qisqarishi mumkin

Xitoy va Yevropa Ittifoqi avtomobillar savdosi boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdi. YeIning savdo boʻyicha komissari Marosh Shefchovichga koʻra, kelishuv Xitoy elektromobillari va gibrid avtomobillarining Ittifoqqa importini yarmiga qisqartirishni nazarda tutadi.

Xitoy elektromobillari va gibrid avtomobillarining YeIga importi ikki baravar kamayishi mumkin.

DW ma’lumotiga ko‘ra, Shefchovich bu haqda 9-oktabr kuni Pekinda Xitoy savdo vaziri Van Ventao bilan ikki kun davom etgan muzokaralardan keyin ma’lum qilgan. Uchrashuvlar Pekin va Bryussel o‘rtasidagi savdo tarangligini yumshatishga qaratilgan edi.

Tomonlar dastlabki kelishuvning batafsil shartlarini oshkor qilmagan. Shunga qaramay, Shefchovich uning natijasida Xitoydan YeIga bir necha million avtomobil eksportining oldi olinganini aytgan.

Reuters xabariga ko‘ra, Xitoy Savdo vazirligi gibrid avtomobillar savdosiga doir kelishuv jadal muzokaralar natijasida erishilganini bildirgan.

Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi — ACEA rahbari Sigrid de Vris bu kelishuv Xitoyning Yevropa bozoridagi ishtiroki yangi bosqichga tartibli o‘tishiga yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu barcha tomonlarning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladi.

Kelishuv faqat avtomobillar bilan cheklanmaydi. U Xitoyga yetkazib beriladigan ayrim Yevropa mahsulotlariga bojlarni pasaytirish hamda kamyob yer metallari ta’minot zanjirlarini barqarorlashtirish choralarini ham o‘z ichiga oladi.

Shefchovichning aytishicha, bu kelishuvlar YeIning deyarli har bir a’zo davlatiga foyda keltiradi.

Biroq kelishuv hali kuchga kirmagan. Buning uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha 27 davlat rahbarining roziligi kerak.

YeI 2024-yilda Xitoy elektromobillariga qo‘shimcha bojlar joriy etgan edi. Shundan so‘ng xitoylik ishlab chiqaruvchilar Yevropa bozoriga gibrid avtomobillarni faolroq yetkazib bera boshlagan. Xitoy Savdo vazirligi avvalroq eksport hajmini ixtiyoriy ravishda cheklashga rozi bo‘lmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.