Xiaomi “ikkinchi qavat” va poli isitiladigan yo‘ltanlamasni taqdim etdi

Xiaomi “ikkinchi qavat” va poli isitiladigan yo‘ltanlamasni namoyish qildi
Xiaomi kompaniyasi yirik gibrid yo‘ltanlamas Skynomad N90 Max avtomobilini hamda uning sayyohlar uchun mo‘ljallangan Explorer Edition talqinini taqdim etdi. Ushbu versiyaning asosiy o‘ziga xosligi kuzovga o‘rnatilgan ko‘tariluvchi tomdir: to‘xtash vaqtida u avtomobilni maksimal shift balandligi 2,29 metr bo‘lgan ikki qavatli makonga aylantiradi.
Yuqori maydoncha taxminan ikki kvadrat metr joy egallaydi va 200 kilogrammgacha yukni ko‘tara oladi. U yerda alohida iqlim tizimi, yoritish hamda qurilmalarni quvvatlantirish uchun raz’yomlar mavjud. Yig‘ilgan holatda mexanizm avtomobil balandligini 100 mm ga oshiradi, aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti esa 0,245 ni tashkil etadi.
Shu tuzilma sabab Explorer Edition odatiy N90 Max’dan farqli ravishda yetti emas, besh kishiga mo‘ljallangan. Orqa o‘rindiqlar elektron mexanizm yordamida yig‘ilib, 1,87×1,24 metr o‘lchamdagi karavotga aylanadi — buning uchun ularni yechib olish talab etilmaydi. Pol yog‘och teksturali alyuminiy bilan qoplangan va 38 °C gacha isitish tizimi bilan jihozlangan.
Har ikki versiya umumiy quvvati 310 kVt bo‘lgan ikkita elektromotor, sig‘imi 76 kVt⋅soat bo‘lgan akkumulyator va 60 litrli yonilg‘i baki bilan ta’minlangan. Oddiy N90 Max modeli Xitoyning CLTC sikli bo‘yicha faqat elektrda 464 km yuradi, umumiy yurish zaxirasi esa 1705 km ga yetadi. Explorer Edition’da bu ko‘rsatkich biroz pastroq — 1688 km. Ikkala model ham 100 km/soat tezlikka 5,9 soniyada chiqadi.
Salonda HyperOS tizimi ishlaydi va u proyeksion ekran, markaziy displey hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun monitorlar kabi oltitagacha displeyni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, to‘qqiz litrli kompressorli muzlatkich va 25 ta karnayli audiotizim ham mavjud.
Har ikkala versiya uchun buyurtmalar qabul qilinmoqda, yetkazib berish esa 2026-yil noyabr-dekabr oylarida boshlanishi rejalashtirilgan. Skynomad N90 Max narxi 269 900 yuan (≈40 ming dollar), Explorer Edition esa 299 900 yuan (≈45 ming dollar) deb baholangan. To‘plam uchun kuzovning yettita rangi taklif etiladi: to‘q qizil, yashil, ko‘k, kulrang, xaki, oq va qora.

