Xerson va Sumidagi zarbalarda kamida toʻrt kishi halok boʻldi
Ukraina rasmiylari maʼlumotiga koʻra, 18-sentabr kuni Rossiya qoʻshinlarining Xerson va Sumi viloyatlariga zarbalari oqibatida kamida toʻrt kishi halok boʻldi. Odessada esa bir maʼmuriy bino qisqa vaqt oraligʻida ikki marta zarbaga uchragan, oʻn kishi jarohatlangan.

Xerson va Sumidagi hujumlarda kamida toʻrt kishi halok boʻldi
Xerson viloyatida Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparati zarbasi oqibatida ikki kishi hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Aleksandr Prokudin maʼlum qildi.
Uning aytishicha, voqea 18-sentabr kuni soat 18:00 lar atrofida Tekstilnoye posyolkasida yuz bergan. Dron zarbasi natijasida ikki erkak hayot bilan mos kelmaydigan darajada jarohat olgan.
Shu kuni Xerson shahridagi shifoxonalardan biri ham dron hujumiga uchragani bildirildi. Uchuvchisiz apparat tibbiyot muassasasi hududiga portlovchi modda tashlagan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bu hujumda jabrlanganlar qayd etilmagan.
18-sentabr kuni Odessa ham bir necha bor hujumga uchradi. Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati viloyat boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, zarbalardan biri 11 qavatli maʼmuriy binoga tegib, u yerda yongʻin chiqargan.
Favqulodda xizmatlar hodisa joyida ishlayotgan paytda shu bino yana bir bor zarbaga uchradi. Natijada oʻn kishi jarohat oldi, ular orasida ikki nafar qutqaruvchi ham bor.
19-sentabrga oʻtar kechasi Odessa yana havo hujumiga duch keldi. Havo trevogasi eʼlon qilingach, mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda shahardagi turar joy binolaridan birida yongʻin chiqqanini aks ettiruvchi tasvirlarni tarqatdi. Hodisaning toʻliq oqibatlari haqida dastlab batafsil maʼlumot berilmagan.
Sumi shahrida esa 18-sentabr kechqurun koʻp qavatli turar joy binosiga zarba berildi. Ukraina tomoni maʼlumotiga koʻra, hujum boshqariluvchi aviabomba bilan amalga oshirilgan. Portlash oqibatida bir nechta xonadon shikastlangan va binoning bir qismi qulab tushgan.
Mahalliy hokimiyatning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, Sumida kamida ikki kishi halok boʻlgan, yana yetti kishi yaralangan.
Shu kuni Kiyev viloyatida ham zarbalar oqibatlari qayd etildi. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenkoning aytishicha, Bucha tumanida ombor binolariga berilgan zarba natijasida ikki erkak jarohatlangan. Borispil tumanida ham ombor obyektlariga zarar yetgani xabar qilingan.

