Xarid, suhbat va yangi qadriyat: “Keldik. Ketmadik” kampaniyasi isteʼmol madaniyatini qanday oʻzgartirmoqda?

Xarid, suhbat va yangi qadriyat: “Keldik. Ketmadik” kampaniyasi isteʼmol madaniyatini qanday oʻzgartirmoqda?
Bugun savdo nuqtalarining vazifasi faqat mahsulot sotish bilan cheklanib qolmayapti. Ayniqsa, yoshlar orasida kichik doʻkon, kafe yoki market xarid qilish bilan birga uchrashish, suhbatlashish va maroqli vaqt oʻtkazish joyiga aylanmoqda. Coca-Cola’ning Oʻzbekistondagi “Keldik. Ketmadik” kampaniyasi ham aynan shu oʻzgarayotgan isteʼmol odatiga eʼtibor qaratmoqda. Loyihaning muhim tomoni esa qaytariladigan shisha idish orqali qadoqdan takror foydalanish modelini targʻib qilishdan iborat.
Tasavvur qilaylik: odam uyidan chiqib, yaqinidagi doʻkonga biror ichimlik yoki kundalik mahsulot olish uchun kiradi. Xarid bir necha daqiqa vaqt oladi. Ammo doʻkonda tanishi uchrab qoladi. Suhbat boshlanadi. Keyin yana bir odam qoʻshiladi. Kimdir biror oʻyin taklif qiladi. Yoki shunchaki doʻkon oldidagi stol atrofida suhbat davom etadi. Natijada xarid uchun kirilgan joy uchrashuv makoniga aylanadi.
Bu holat yangi emas. Odamlar tarixan bozor, choyxona, mahalla, kafe yoki koʻcha kabi joylardan savdodan tashqari muloqot uchun ham foydalangan. Yangilik shundaki, bugungi savdo biznesi ham ana shu ehtiyojga tobora koʻproq eʼtibor qaratmoqda. Chunki odamlarni obyektga jalb qilish uchun mahsulotning oʻzi yetarli boʻlmayapti. Xaridorning doʻkonda qancha vaqt qolishi, u yerda oʻzini qanday his qilishi va bu joyni boshqalarga tavsiya etishi ham biznes uchun muhim.
Coca-Cola’ning “Keldik. Ketmadik” loyihasi shu nuqtada qiziq. Kompaniya shisha idishdagi mahsulot sotiladigan mahalliy savdo nuqtalarida odamlar koʻproq vaqt oʻtkazishi uchun maxsus hududlar yaratmoqda. Stol oʻyinlari, suratga tushish uchun joylar va ochiq havoda suhbatlashish imkoniyati shular jumlasidan.
Smartfon va ijtimoiy tarmoqlar odamlarni bir-biriga doimiy bogʻlab turgandek koʻrinadi. Ammo onlayn aloqa yuzma-yuz muloqotning oʻrnini toʻliq bosa olmaydi. Shu sababli odamlar uchrashadigan fizik makonlarning ahamiyati saqlanib qolmoqda.
Uy — shaxsiy hudud. Ish yoki universitet esa majburiyatlar bilan bogʻliq makon. Restoran yoki koʻngilochar markaz maxsus reja va xarajatni talab qilishi mumkin. Doʻkon yoki mahalla yaqinidagi kichik savdo nuqtasi bu borada qulayroq imkoniyat beradi: u kundalik hayotning oʻzida mavjud. Yaʼni uchrashish uchun alohida bahona kerak emas. Shu nuqtadan qaraganda, savdo nuqtasini kichik ijtimoiy makonga aylantirish nafaqat marketing usuli, balki odamlarning kundalik hayotidagi boʻshliqni toʻldirishga qaratilgan yondashuv sifatida ham koʻrilishi mumkin.

