Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozini e’lon qildi
Inflyasiya, savdo urushlari va SI: Global iqtisodiyotni nimalar kutmoqda?

Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozini taqdim etdi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVF) jahon iqtisodiyoti yuzasidan o‘z prognozini e’lon qildi.
XVF bahosiga ko‘ra, global iqtisodiy o‘sish 2026-yilda 3,1 foizni, 2027-yilda esa 3,4 foizni tashkil etadi. Shunga qaramay, dunyo iqtisodiy tizimi tobora zaiflashib bormoqda va mamlakatlar o‘rtasidagi rivojlanish muvozanati buzilmoqda. Energiya resurslari hamda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi fonida inflyasiya 4,7 foizga yetishi kutilmoqda. Eng katta zararni esa asosiy texnologik zanjirlardan uzilib qolgan va energiya resurslarini tashqaridan xarid qiluvchi chekka davlatlar ko‘radi.
Alohida davlatlar kesimida qaralganda, 2026-yilda AQSh iqtisodiyoti 2,3 foizga, Germaniya 1,3 foizga, Fransiya 0,4 foizga, Italiya 0,8 foizga, Ispaniya 2,5 foizga, Buyuk Britaniya 1,3 foizga, Yaponiya 0,7 foizga va Kanada 1,1 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Rivojlanayotgan davlatlar orasida iqtisodiy o‘sish bo‘yicha Hindiston 7,0 foizlik ko‘rsatkich bilan yetakchilikni saqlab qolmoqda. Shu davrda Xitoy iqtisodiyoti 4,5 foizga, Nigeriya 4,2 foizga, Braziliya 2,2 foizga, Meksika 1,5 foizga, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) 1,0 foizga, Rossiya esa 0,9 foizga o‘sadi. Eng katta pasayish Saudiya Arabistonida kutilmoqda — harbiy mojarolar sabab mamlakat YaIM dinamikasi minus 3,3 foizgacha tushishi taxmin qilingan.
Eng muhim jihat shuki, global tizimning bardoshlilik zaxirasi tugab bormoqda, xavf-xatarlar esa xavotirli darajaga yetgan. Navbatdagi istalgan omil — yangi urushlar to‘lqini, sun’iy intellekt (SI) atrofidagi tebranishlar, savdo urushlari yoki davlatlarning qarz botqog‘iga botishi — jahon iqtisodiyotini bir zumda izdan chiqarishi mumkin. Ijobiy jihatlar ham bor: agar sun’iy intellekt kutilganidek yuqori mahsuldorlikni bera boshlasa yoki siyosatchilar kelishib, sanksiya va bojlar bosimini kamaytirsalar, iqtisodiy o‘sish sur’atlari oshishi mumkin. Biroq yuqori xavf saqlanib qolmoqda, beqarorlik hududi esa tobora kengaymoqda.

