Xabi Alonso “Chelsi”ning 12 nafar futbolchisini asosiy tarkibdan chetlatdi

Xabi Alonso "Chelsi"ning 12 nafar futbolchisini asosiy tarkibdan chetlatdi
"Chelsi"ning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso yangi mavsum oldidan London klubi tarkibini optimallashtirish ishlariga kirishdi.
The Telegraph nashrining xabar berishicha, "Chelsi"ning 12 nafar futbolchisi bir necha kundan buyon asosiy jamoa tarkibidan alohida mashg'ulotlar o'tkazmoqda. Ushbu guruhga hujumchilar Liam Delap va Nikolas Jekson ham qo'shilgan.
Tarkibdagi o'zgarishlar Alonsoning hujum chizig'ini qayta qurish strategiyasi bilan bog'liq. Ispaniyalik mutaxassis "Chelsi"da daxlsiz futbolchi hisoblangan Joau Pedruga, shuningdek, "Brayton"dan olib kelingan Denni Uelbekka asosiy e'tiborni qaratishni rejalashtirmoqda.
Alohida guruhdagi futbolchilar mashg'ulotlarni "Chelsi"ning asosiy tarkibi bilan bir vaqtda o'tkazmoqda va klub bazasidagi umumiy infratuzilmadan foydalanishlari mumkin.
Mazkur guruh nafaqat transfer yoki ijara kutayotgan futbolchilar, jumladan Mixail Mudrik, Tosin Adarabioyo va Aksel Disasilar uchun mo'ljallangan. "Chelsi" murabbiylar shtabi guruhdan yangi futbolchilarni jismoniy jihatdan tayyorlash va tiklash markazi sifatida ham foydalanmoqda. Masalan, Denni Uelbek va Jordan Xenderson optimal jismoniy holatga tezroq erishish uchun shu guruh bilan mashg'ulot o'tkazgan.
Jekson va Delap klubni tark etishi mumkin bo'lgan futbolchilar qatorida. "Chelsi" senegallik hujumchi uchun qariyb 65 million funt, angliyalik futbolchi uchun esa kamida 50 million funt olishni istamoqda.
Uzoq muddatli diskvalifikatsiyadan so'ng yaqinda futbolga qaytgan Mudrik esa ijara asosida boshqa klubga o'tishi mumkin. Biroq hozircha "Chelsi" unga munosib variant topa olmagan.
Disasi va Adarabioyo ham alohida guruhda mashg'ulot o'tkazmoqda. Har ikki himoyachining transfer oynasi yopilguniga qadar "Chelsi"ni tark etishi kutilmoqda. Ularga Angliya va xorijdan qiziqishlar bor, biroq hozircha muzokaralarda jiddiy siljish kuzatilmagan.
Shu bilan birga, "Strasburg"dan transfer qilingan Emanuel Emega, aksincha, Alonsoning rejalaridan joy olgan. Niderlandiyalik futbolchi hujum chizig'idagi joy uchun Uelbek va Joau Pedro bilan raqobatlashadi.
Shu tariqa, "Chelsi" yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonini optimallashtirish maqsadida tarkibni bosqichma-bosqich qisqartirishda davom etmoqda.

