Wildberries Oʻzbekistonda 140 million dollarga yirik logistika majmuasini quradi

Wildberries Oʻzbekistonda 140 million dollarlik yirik logistika majmuasini quradi
Toshkent viloyatida zamonaviy Wildberries logistika xabi tashkil etiladi. Rossiya marketpleysi va Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzoladi.
Hujjat 6 oktyabr kuni Fargʻonada boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Rossiya hududlarining III Kengashi yakunlari boʻyicha imzolandi. Uchrashuvda Oʻzbekistonning barcha viloyatlari va Rossiyaning 17 ta hududi vakillari, shuningdek, ikki davlatdan 400 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Wildberries loyihasini 2027–2028 yillarda Toshkent viloyatida amalga oshirish rejalashtirilgan. Gap 180 ming kvadrat metr maydonga ega zamonaviy majmua haqida bormoqda. Investitsiyalar hajmi 140 million dollarga baholanmoqda.
Forum yakunlari boʻyicha jami toʻrtta kelishuv imzolandi. Ulardan biri Wildberries logistika majmuasi qurilishi bilan bogʻliq. Qolgan kelishuvlar Fargʻona va Omsk viloyatlari, Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk oʻlkasi, shuningdek, Namangan viloyati va Dogʻiston oʻrtasidagi hamkorlikka taalluqlidir.
Avvalroq Wildberries matbuot xizmati oʻz vakillarining «UzPost» milliy pochta operatori kuzatuv kengashi tarkibiga kiritilganiga izoh bergan edi.

