WhatsApp oʻsmirlar uchun ixtiyoriy ota-ona nazorati funktsiyasini joriy qilmoqda
Ijtimoiy xabar almashish ilovasi ota-onalarga farzandining akkaunti uchun maxfiylik sozlamalarini belgilash imkonini beradi.

Texnologiya kompaniyalari bolalar uchun yoshiga mos keladigan qulayliklar yaratish borasida kuchayib borayotgan bosimga duch kelayotgan bir paytda, WhatsApp oʻsmirlar uchun ixtiyoriy ota-ona nazorati funktsiyasini joriy qilmoqda.
Ijtimoiy messenjerning yangi funktsiyalari ota-onalarga bir nechta imkoniyatlarni taqdim etadi, jumladan, farzandi biror guruhga qoʻshilganda yoki undan chiqqanda xabarnoma olish. Shuningdek, ular akkaunt uchun maxfiylik sozlamalarini belgilashlari mumkin boʻladi.
Blogpostida WhatsApp ota-onalar oʻsmir farzandlari yuboradigan yoki qabul qiladigan xabarlarni oʻqiy olmasligini, ushbu xabarlar va qoʻngʻiroqlar maxfiy boʻlib qolishini hamda shifrlash (end-to-end encryption) bilan himoyalanishini tushuntirib oʻtdi.
Kompaniya ushbu nazorat vositalari ixtiyoriy ekanini maʼlum qildi, ijtimoiy tarmoqlar tahlilchisi Mett Navarra esa buni «yaqqol zaiflik» deb atadi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu qadam WhatsApp egasi boʻlgan Meta kompaniyasi uchun «ancha qulay» boʻldi, chunki bu masʼuliyatning bir qismini ota-onalar va oʻsmirlar zimmasiga yuklash orqali kompaniyaning foydalanuvchi yoshini tekshirishga boʻlgan qaramligini kamaytiradi.
«Meta regulyatorlarga bizda bolalar xavfsizligi tizimi bor, ota-ona nazorati mavjud va biz uni oʻz platformalarimizda joriy etyapmiz, deb koʻrsatishga harakat qilmoqda», dedi u.
«Menimcha, eng katta ochiq qolgan savol — yetarlicha oilalar undan haqiqatan ham foydalanadimi-yoʻqmi, degan masaladir».
Buyuk Britaniyada WhatsApp'dan foydalanish uchun minimal yosh 13 yoshni tashkil etadi, garchi baʼzi mamlakatlarda bu koʻrsatkich yuqoriroq boʻlsa ham.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, ota-onalar istalgan vaqtda nazorat sozlamalarini oʻzgartirishlari yoki oʻchirib qoʻyishlari mumkin boʻladi.
Sozlamalarni ota-ona tomonidan tanlangan PIN-kod yordamida «oʻrnatish oson» boʻladi, agar oʻsmirlar nazoratni faoliyatdan chiqarmoqchi boʻlsa, ularga ushbu kod kerak boʻladi.
Yangi maxfiylik vositalari qatoriga bolaning profil rasmini kimlar koʻrishi va uni guruhlarga kimlar qoʻshishi mumkinligini hal qilish imkoniyatlari kiradi.
Ota-onalar, shuningdek, oʻsmir farzandlari tashkilotlar va jamoat arboblariga kontent ulashish imkonini beruvchi Kanallardan qanday foydalanishini ham belgilashlari mumkin.
Bundan tashqari, ular ilovaning ixtiyoriy oʻrnatilgan sunʼiy intellekt yordamchisi — Meta AI uchun odatiy 13+ sozlamasini yoki qattiqroq «Cheklangan kontent» (Limited Content) variantini tanlashlari mumkin boʻladi.
«Ushbu nazorat vositalarining barchasi ota-onalar va oʻsmirlar oʻrtasida WhatsApp'dan qanday foydalanish boʻyicha ochiq suhbatlarni qoʻllab-quvvatlash, shu bilan birga, har bir foydalanuvchining shaxsiy xabarlari maxfiyligini saqlash uchun ishlab chiqilgan», dedi kompaniya.
Ushbu oʻzgarishlar hukumatlar va regulyatorlar tomonidan texnologiya kompaniyalariga oʻz platformalarida bolalarni yaxshiroq himoya qilish uchun ish faoliyatini oʻzgartirish boʻyicha bosim kuchayayotgan bir paytda yuz bermoqda.
Iyun oyida hukumat 16 yoshga toʻlmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejasini eʼlon qilgan edi, cheklovlar 2027 yilning martidan kuchga kirishi kutilmoqda.
Unda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yoshini tasdiqlash uchun «yuqori samarali yoshni aniqlash» choralaridan foydalanilishi aytilgan.
Hozirda WhatsApp ushbu taqiqdan mustasno, chunki hukumat uni xabar almashish xizmati (messenjer) sifatida tasniflaydi.

