Vyetnamda giyohvand moddalar kontrandasi ishi boʻyicha 11 kishi oʻlim jazosiga hukm qilindi
Tish pastasi tubalari va boshqa isteʼmol tovarlarida Vyetnamga giyohvand moddalarni kontrabanda yoʻli bilan olib kirgan tarmoq ishi boʻyicha 200 dan ortiq kishi aybdor deb topildi.

Vyetnamda giyohvand moddalar kontrabandasi ishi boʻyicha 11 kishi oʻlim jazosiga hukm qilindi
Vyetnam sudi mamlakat tarixidagi eng yirik giyohvand moddalar kontrabandasi ishlaridan biri boʻyicha 11 kishini oʻlim jazosiga hukm qildi, deb xabar bermoqda davlat OAVlari.
Ular umumiy hisobda 227 nafar sudlanuvchi orasida boʻlib, qolganlarga 18 oydan umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan qamoq jazolari tayinlangan.
Oʻlim jazosiga hukm qilinganlar orasida kontrabanda tarmogʻining taxminiy rahbari Xa Dan Nam ham bor. Tergovchilarga koʻra, u giyohvand moddalarni Frantsiyadan Vyetnamga tashishni tashkillashtirgan.
Mazkur ish 2023 yilning mart oyida, Parij-Xoshimin reysi bilan uchib kelgan Vietnam Airlines aviakompaniyasining toʻrt nafar bort kuzatuvchisi yukidan 157 ta tish pastasi tyubiklari ichiga yashirilgan 10 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar topilganidan keyin boshlangan edi.
Huquqiy masalalarni yorituvchi «Bao Kong Li» gazetasining xabar berishicha, rasmiylar jinoiy javobgarlikka tortilmagan bort kuzatuvchilari oʻzlari bilmagan holda tarkibida MDMA va ketamin boʻlgan giyohvand moddalarni olib oʻtgan degan xulosaga kelishgan.
Nam giyohvand moddalarni parhez qoʻshimchalari, kir yuvish kukuni, ogʻiz boʻshligʻini chayqash vositasi va kofe kabi isteʼmol tovarlari ichiga yashirgan, soʻngra Frantsiyadagi odamlar orqali ularni yuklarida olib oʻtishni yoki kuryerlik xizmatlari orqali Vyetnamga yuborishni tashkil qilgan.
Mahalliy OAV xabariga koʻra, Nam Frantsiyada yashovchi yoki tahsil olayotgan Vyetnam fuqarolarini kuryer sifatida jalb qilgan.
Prokurorlarning taʼkidlashicha, ushbu transchegaraviy kontrabanda tarmogʻi aʼzolari oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun shifrlangan messenjerlar va boshqa shaxslar nomiga ochilgan bank hisob raqamlaridan foydalanishgan.
Ularning soʻzlariga koʻra, tarmoq bilan bogʻliq tranzaktsiyalar qiymati deyarli 29 trillion Vyetnam dongini ($1,1 mlrd; £815 mln) tashkil etgan.
Sudning bildirishicha, sudlanuvchilar tarmoqda rahbarlikdan tortib sheriklikkacha boʻlgan turli rollarni bajarishgan va jazolar ularning ishtiroki darajasiga qarab belgilangan.
Yana 20 ga yaqin sudlanuvchi giyohvand moddalarni noqonuniy sotib olish, sotish, tashish va tashkil etish uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Amnesty International tashkilotiga koʻra, Vyetnam hali ham oʻlim jazosini saqlab qolayotgan 53 ta davlatdan biridir.
Hukumat oʻlim jazosiga hukm qilinganlar sonini oshkor qilmaydi, chunki bu maʼlumot davlat siri hisoblanadi, biroq inson huquqlari tashkilotlari 1000 dan ortiq odam qatl etilishini kutayotganini aytmoqda.
Oʻtgan oyda Vyetnam hukumati oltita jinoyat, jumladan, giyohvand moddalar kontrabandasi uchun oʻlim jazosini bekor qilishni taklif qildi. Ushbu taklif etilayotgan oʻzgartirishlar hali kuchga kirgani yoʻq.
Ushbu taklif jinoyat kodeksiga kiritilgan 2025 yilgi oʻzgartirishlardan soʻng ilgari surildi. Oʻsha oʻzgartirishlarga koʻra, sakkizta jinoyat, jumladan, oʻzlashtirish, josuslik va hukumatni agʻdarish uchun oʻlim jazosi bekor qilingan edi.
Oʻlim jazosiga hukm qilingan eng taniqli shaxslardan biri magnat Chiong Mi Lan boʻlib, u oʻzlashtirishda ayblanib, 2024 yilda oʻlim jazosiga hukm qilingan edi.
2025 yilgi qonunchilikdagi oʻzgarishlardan soʻng, uning oʻlim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirildi.

