Vokzaldan parlamentgacha: talabalar Serbiyada hokimiyat almashishiga qanday olib keldi
Serbiyadagi talabalar harakati parlament saylovlarida gʻalaba qozonib, Aleksandar Vuchich partiyasining 14 yillik boshqaruviga chek qoʻydi. «Gazeta» Novi-Sad vokzalidagi fojiadan keyingi noroziliklar mamlakatda hokimiyat almashishiga qanday olib kelgani va gʻoliblar qanday sinovlarga duch kelishi haqida hikoya qiladi.

Vokzaldan parlamentgacha: talabalar Serbiyada hokimiyat almashinuviga qanday olib keldi
Serbiyada 25 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan muddatidan ilgari parlament saylovlarida amaldagi prezident Aleksandr Vuchich magʻlubiyatga uchradi, uning Serb progressiv partiyasi esa 14 yildan soʻng parlamentda muxolifatga oʻtmoqda.
«Gazeta» 2024 yil noyabrida Novi-Saddagi fojiadan soʻng yuzaga kelgan talabalar harakati ikki yil ichida qanday qilib mustaqil siyosiy kuchga aylangani va ushbu mamlakatda hokimiyatning almashishiga olib kelgani haqida hikoya qiladi.
Ikki yil oldin — 2024 yil 1 noyabrda — Novi-Sad temir yoʻl vokzalida beton peshtoq qulab tushdi. 16 kishi halok boʻldi, yana bir kishi ogʻir jarohat oldi. Kalomiyat vokzal rekonstruktsiya qilinganidan soʻng yuz berdi va qurilish ishlari sifati, davlat nazorati hamda infratuzilma shartnomalarining shaffofligiga oid savollarni keltirib chiqardi.
Dastlabki xotira aktsiyalari tezda norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. Ishtirokchilar rekonstruktsiya boʻyicha hujjatlarni eʼlon qilishni, qulosh sabablarini tekshirishni hamda mansabdor shaxslar va pudratchilarni javobgarlikka tortishni talab qilishdi. Namoyishlarda qatnashgan talabalarga qilingan hujumlar qoʻshimcha gʻazabga sabab boʻldi.
Noyabr oxiriga kelib, norozilik harakatiga universitetlarni blokada qilishni boshlagan talabalar boshchilik qildi. Peshtoq qulab tushgan vaqt — 11:52 da oʻtkaziladigan 16 daqiqalik sukut saqlash aktsiyalari namoyishlar ramziga aylandi. Dekabr oyida noroziliklarga oʻqituvchilar, maktab muallimlari, huquqshunoslar, fermerlar va boshqa kasb egalari qoʻshildi. 2024 yil 22 dekabrda Belgradda soʻnggi yillardagi eng yirik namoyishlardan biri boʻlib oʻtdi.
Hokimiyat bunga kadrlar almashinuvi va namoyishchilarni mamlakatni beqarorlashtirishga urinishda ayblash bilan javob qaytardi. 2025 yil 28 yanvarda bosh vazir Milosh Vuchevich isteʼfoga chiqqanini eʼlon qildi, 16 aprelda esa parlament Djuro Matsut boshchiligidagi yangi hukumatni tasdiqladi. Vazirlar mahkamasining almashishi namoyishchilarni qoniqtirmadi: ular halokat boʻyicha surishtiruv oʻtkazishni va davlat institutlarining javobgarligini talab qilishda davom etdilar.
Yevropa siyosiy markazi (CEP) tadqiqotida serbiyalik siyosatshunos Straxinya Subotich 2024−2025 yillardagi noroziliklarni Serbiyaning avtoritar siyosiy kursiga qarshi eng jiddiy fuqarolik chorlovi sifatida tavsiflaydi. Uning baholashicha, harakat javobgarlikni talab qilgan stixiyali aktsiyalar va talabalar blokadalaridan siyosiy safarbarlikkacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi.
2025 yil 5 mayda talabalar harakati birinchi marta rasman muddatidan ilgari parlament saylovlarini oʻtkazishni talab qildi. Bu burilish nuqtasi boʻldi: fojia surishtiruvi bilan bogʻliq dastlabki talablarga amaldagi hokimiyatning siyosiy javobgarligi talabi ham qoʻshildi.
2025 yil dekabrida talabalar muddatidan ilgari saylovlar oʻtkazish uchun imzo yigʻish boʻyicha umummilliy kampaniya oʻtkazishdi. Tashkilotchilarning maʼlumotlariga koʻra, tashabbusni 400 mingga yaqin kishi qoʻllab-quvvatladi. 2026 yilda harakat hududlarda oʻz ishini davom ettirib, universitet markazlaridan tashqarida ham xayrixohlar tarmogʻini kengaytirdi.
2026 yil 9 sentyabrda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich parlament tarqatib yuborilganini eʼlon qildi va muddatidan ilgari saylovlarni 25 oktyabrga tayinladi. Oʻsha kuni talabalar harakati Student List deb nomlangan fuqarolik saylov roʻyxatini taqdim etdi. 27 sentyabrda Vuchich prezidentlik lavozimidan isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi.
Talabalar roʻyxatiga 250 nafar nomzod — akademik jamiyat, tibbiyot, madaniyat, sport va boshqa sohalar vakillari kirdi. Unga kardiolog va professor Iliya Srdanovich boshchilik qildi. Belgilangan ustuvor yoʻnalishlar orasida korruptsiyaga qarshi kurash, sud tizimining mustaqilligi, OAV erkinligi, davlat boshqaruvini isloh qilish va byudjet xarajatlari samaradorligini oshirish bor.
Talabalar harakati anʼanaviy partiya shaklini olmadi. U qaror qabul qilishning jamoaviy modelini saqlab qoldi va sifatli davlat boshqaruvi talablari atrofida turli siyosiy qarashlarga ega saylovchilarni birlashtirishga intildi.
25 oktyabr kuni Serbiyada muddatidan ilgari parlament saylovlari boʻlib oʻtdi. Respublika saylov komissiyasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, Student List 52,71% ovoz oldi va Xalq skupshinasidagi 250 oʻrindan 140 tasiga ega boʻldi. Aleksandr Vuchich koalitsiyasi 39,17% ovoz toʻplab, 104 ta mandat oldi. Saylovchilarning qatnashishi 69% ga yaqinni tashkil etdi. Vuchich saylov uchastkalari yopilganidan koʻp oʻtmay magʻlubiyatni tan oldi. Uning Serb progressiv partiyasi 14 yil davomida hokimiyatda edi.
Ivitsa Dachichning Sotsialistik partiyasi uch foizlik saylov boʻsagʻasidan oʻta olmadi. Parlamentga shuningdek milliy ozchiliklar vakillari ham kirdi.
Serbiya parlament respublikasi hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat 250 nafar deputatdan iborat bir palatali Xalq skupshinasiga tegishli. Parlament qonunlarni qabul qiladi, byudjetni tasdiqlaydi va hukumatni shakllantiradi. Bosh vazir ijro etuvchi hokimiyatni boshqaradi, fuqarolar tomonidan saylanadigan prezident esa asosan vakillik va konstitutsiyaviy funktsiyalarni bajaradi.
Shu sababli, talabalar roʻyxatining gʻalabasi, eng avvalo, parlamentdagi koʻpchilikning almashishini va yangi hukumatni shakllantirish imkoniyatini anglatadi. Prezidentlik saylovlari alohida boʻlib oʻtishi kerak.
Ekspertlar saylov natijasini nafaqat hukmron partiyani qoʻllab-quvvatlashning pasayishi bilan, balki norozilik harakatining oʻziga xos xususiyatlari va uning Serbiyaning siyosiy tizimida mustahkamlanib olish imkoniyati bilan ham bogʻlashadi.
Karnegi Rossiya va Yevraziyani oʻrganish markazi tadqiqotchisi Aleksandr Baunov sodir boʻlgan voqeani «vertikal ustidan gorizontalning» — anʼanaviy siyosiy tizim ustidan tarmoqli fuqarolik harakatining gʻalabasi deb ataydi.
«Serbiyadagi saylovlar natijasi baʼzi siyosatchilarning boshqalari ustidan qozongan gʻalabasiga emas, balki umuman xalqning siyosatchilar ustidan qozongan gʻalabasiga eng koʻp oʻxshaydi», — deb yozadi Baunov. Ekspert talabalar harakatni anʼanaviy yetakchilik partiyasiga aylantirishdan ongli ravishda qochganiga ham eʼtibor qaratadi. Baunovga koʻra, bu harakatga, ularning vakillari hokimiyat bilan muzokaralarga oʻtganda norozilik xayrixohlarida tez-tez paydo boʻladigan ishonchsizlikdan xoli boʻlishga yordam berdi.
Chatham House tadqiqotchisi Greguar Rus ham talabalarning gʻalabasini noroziliklarning ijtimoiy bazasi kengaygani bilan bogʻlaydi. U Novi-Saddagi fojia jamiyatning salmoqli qismi uchun bbr pasta korruptsiya va davlat qarorlarining shaffof emasligi muammolari ramziga aylanganini taʼkidlaydi. «Natijada talabalar harakati amaldagi hokimiyat raqiblari uchun mustaqil joziba markaziga aylandi», — deb qayd etadi Rus.
Shu bilan birga, ekspert Serbiyaning tashqi siyosiy burilishi haqida shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarishdan ogohlantiradi. «Talabalar roʻyxati» harbiy betaraflikni saqlab qolish tarafdori, mamlakatning NATOga kirishini qoʻllab-quvvatlamaydi va Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kiritmaslik siyosatini davom ettirish niyatida.
Yevropa tashqi aloqalar kengashi (ECFR) katta ilmiy xodimi Endjelusha Morinaning koʻrsatishicha, yangi rahbariyat Vuchich boshqaruvi yillarida siyosiy hokimiyat, OAV, sud va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari oʻrtasida jips aloqalar shakllangan davlat tizimini meros qilib oladi. «Shunga qaramay, agar talabalar harakati hukmron koalitsiyani shakllantira olsa, demokratik qayta yuklanish mumkin», — deb hisoblaydi Morina.
«Yevropaliklar hokimiyatning shaffof oʻtkazilishini talab qilishlari kerak», — deb qayd etadi Morina. U ustuvor yoʻnalishlar sifatida qonun ustuvorligi, korruptsiyaga qarshi kurash, OAVni tartibga solish qoidalarini oʻzgartirish va saylov tizimi islohotini tilga oladi.
German Marshall Fund tadqiqotchisi Gordana Delich ham talabalar harakati uchun asosiy sinovlar gʻalabadan soʻng boshlanadi, deb hisoblaydi. U hukumatni shakllantirishi, vazirlik portfellarining taqsimlanishini belgilashi va norozilik harakatining umumiy talablarini aniq islohotlar dasturiga aylantirishi kerak boʻladi.
Delichning eʼtibor qaratishicha, Serb progressiv partiyasi, magʻlubiyatga qaramay, mahalliy darajadagi mavqeini va tarmoqlangan siyosiy tarmogʻini saqlab qolmoqda. Vuchichning oʻzi muxolifatchi siyosatchi sifatida siyosiy faoliyatini davom ettirish niyatida. Shu sababli, parlament saylovlari natijalari sobiq hukmron partiya taʼsirining batamom tugaganini anglatmaydi.
Shunday qilib, Serbiya siyosatining asosiy intrigasi endi ommaviy safarbarlik va jamoaviy yetakchilik evaziga gʻalabaga erishgan harakat barqaror boshqaruvchi kuchga aylana olishida qolmoqda. Bundan nafaqat ichki oʻzgarishlar, balki Serbiyaning Yevropa va Bolqondagi keyingi mavqei ham bogʻliq boʻladi.

