Layfstayl

“Veyselga turmushga chiqishimga turk pochcham sababchi”. Shahlo Salayeva muhabbat tarixini so‘zlab berdi

“Veyselga turmushga chiqishimga turk pochcham sababchi”. Shahlo Salayeva muhabbat tarixini so‘zlab berdi

Xonanda Shahlo Salayeva “Darakchi”ning YouTube kanali uchun intervyu berdi. Suhbat chog‘ida u turmush o‘rtog‘i, turk xonandasi Veysel Dulgur bilan qanday tanishgani, hayotidagi sinovlar va oilaviy baxti haqida so‘zlab berdi.

“Turk pochcham sabab Veysel bilan tanishganman”

— Turmush o‘rtog‘im avval boshda restoranda jonli kuylab ishlash uchun kelgan edi. O‘sha paytda o‘g‘lim Murod uch oylik chaqaloq bo‘lgan. Men esa endigina ajrashgan, eski munosabatlarni yakunlab, o‘zim va o‘g‘lim bilan ovora bo‘lib yurgan kunlarim edi. Bir kuni oilamdagilar “yangi xonanda kelibdi, qo‘shiqlarini eshitishga borib ko‘raylik, hamma qiziqib boryapti ekan. Jonli ijroda kuylarkan, sahnasi ham chiroyli ekan”, deyishdi. Xorazmlik bo‘lganimiz uchun turkcha qo‘shiqlarni yaxshi ko‘ramiz. Qolaversa, oilamiz ham san’atkorlar xonadoni bo‘lgani uchun jonli ijroni juda qadrlaymiz.

O‘sha kuni hammamiz restoranga bordik. Bir opam bor, uning turmush o‘rtog‘i, ya’ni pochcham turkiyalik. U ham biz bilan kelgan. Aslida u yerga qo‘shiq aytaman deb bormaganman. Veysel meni sahnaga taklif qilishini ham bilmaganman. Pochcham turk bo‘lgani uchun Veysel bilan gaplashib “men ham turkiyalikman, oilamiz a’zolaridan biri ham ashula aytadi, uni sahnaga chaqiring”, degan bo‘lsa kerak, Veysel meni sahnaga chaqirdi. Keyin ovozimni eshitib, hayratda qolgan.

O‘shanda u “O‘zbekistonga kelganimdan buyon senikidek chiroyli ovozni eshitmagandim”, deb kuylashimni yoqtirib qolgan ekan. So‘ng u meni: “rosa chiroyli ovozi bor ekan, yaxshi ashulalar aytarkan. Balki duet aytarmiz”, degan ma’noda pochchamdan so‘ragan. Pochcham unga hazillashib: “Yoqdimi senga?” degan. U esa “ha, ovozi chiroyli ekan”, degan. Shunda pochcham: “Uylan unga”, degan.

Turklarda qanchalik go‘zal bo‘lmasin, oilasi, farzandi bor ayolga hattoki qarash mumkin emas. Shu sabab Veysel “nimalar deyapsan, axir uning qo‘lida chaqalog‘i bor-ku”, degan. Pochcham unga yaqinda ajrashganimni aytgan. Baribir turmush o‘rtog‘im o‘shanda bu gaplarni jiddiy qabul qilmagan. O‘sha kuni menga ham hazillashib “unga turmushga chiq. Ikkingiz ham bir-biringizga mossiz. Birga chiroyli sahnalarda ashulalar aytib yurasizlar”, deyishgan. Shundan keyin oradan sakkiz oy o‘tdi. Veysel bilan do‘stona munosabatda bo‘ldik. Dugonalarim bilan restoranga borganimda birga ashulalar aytardik. Bora-bora birga aytgan duetlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda top’ga chiqib ketdi. Bitta ashulamizning o‘zi 21 milliondan ortiq “prosmotr”ga yetdi. Shundan keyin u yerga har borganimda meni sahnaga chaqirib, birga qo‘shiq kuylaydigan bo‘ldik.

“Ishonchimni oqlashi uchun bir imkon berishimni so‘ragan”

— Turmushga chiqishga rozi bo‘lishimdan oldin Veysel bilan bir necha oy gaplashib yurdik. Gaplashish jarayonida juda yaqin do‘st bo‘lib qoldik. U hech narsani yashirmay, hayotida bo‘lgan voqealarni, oilasi qandayligi haqida hammasini ochiqchasiga aytib berdi. Muloqot davomida uning yaxshi, rost gapiradigan inson ekanini bildim.

Bir qancha vaqt davomida Veyselning o‘g‘limga, menga nisbatan ham mehribonligini ko‘rdim. Murodning tishi chiqayotgan, qiyin paytlarda kechalari shifoxonaga ketiladigan vaziyatlarda biz bilan birga bo‘lgani uchun o‘zimni yonimda himoyachim borday his qilganman. O‘sha paytda ikkimiz ham umuman sevgi haqida gaplashmasdik. Munosabatlarimiz faqat do‘stona edi.

Keyinchalik u meni yoqtirishini aytib, qo‘limni so‘raganida, unga ishonmasligimni, menda bu tuyg‘u yo‘qolib ketganini aytib, taklifini rad qilganman. Shunda u bir marta imkon bersam, ishonchimni oqlashini, buning uddasidan chiqa olishini aytdi. Keyin onam bilan gaplashgan. Birinchi suhbatdanoq onam uni yaxshi ko‘rib qolgan. Chunki aldamagan, hayoti haqidagi hamma narsani aytib bergan.

“Boshidan niyati jiddiy bo‘lgan”

— U ko‘nglini ochganda boshidanoq menga uylanmoqchi ekanini aytgan. U “menga bir marta imkon berib ko‘r. Bir-birimizni yaqindan taniylik. Balki, sen istaganday inson bo‘la olarman, balki o‘sha mendirman”, degandan keyin uning taklifini qabul qilganman. Veysel boshidan niyatini aytgan, “sevishib yuramiz”, deb kichkina bolaning gaplarini qilmagan. Jiddiy va to‘g‘riso‘z bo‘lgani, har safar meni himoya va hurmat qilgani uchun unga rozilik berdim.

Foto: Instagram

“Munosabatlarimiz boshlanganida katta travmalarim bor edi”

— Bir-birimizni yaqindan tanish uchun munosabatlarimiz boshlanganda juda katta travmalarim bor edi. Unga hech ishonolmasdim. Qo‘lida telefon bo‘lsa, xuddi kim bilandir yozishayotgandek tuyilaverardi. Qo‘lidagi telefonini undan tortib olib qo‘yishimni ko‘rib hayron qolardi. U xuddi shifokorday hamma narsani o‘tirib tushuntirib berardi. Meni ruhan davolagan inson bo‘ldi. Har safar travmalarimni unga ko‘rsatganimda, hech ham meni urishmagan, aksincha, “kel, gaplashib olamiz”, deb meni gaplashishga o‘rgatgan. Undan avval ichki kechinmalarimni hech kimga aytmay, ichga yutib, oxirida “portlaydigan” inson edim. Veysel meni gapirtira oldi. Har safar unga ishonmaganimda xato o‘ylayotganimni isbotlab berdi. Hozir esa hatto bir kunlab telefon bilan o‘tirsa ham unga ishonaman, deydi xonanda.

“Alloh hammaga kuchi yetadigan darajadagi sinovni berar ekan”

— Alloh hammaga kuchi yetadigan darajadagi sinovni berar ekan. Agar hayotimga erim kirib kelmaganida, men u narsalarga chidolmagan bo‘lardim. Veysel hayotimga kirib keldi va shundan keyin gap-so‘zlar boshlandi. Qaysidir ma’noda Veyselni tanlashim uchun ham shu sinovlar kerak bo‘lgandir. Har bir sinovda u yonimda bo‘ldi. Zahrimni ham, stressga tushganimni, yig‘laganimni, uch-to‘rt kunlab kasal bo‘lib yotib qolgan kunlarimni men bilan birga yashab o‘tdi. Har doim meni qo‘llab-quvvatlab turdi.

Har xil gap-so‘zlarga jim bo‘lishimda menga tayanch bo‘ldi. Hamma ham gapira oladi, lekin jim tura olish juda katta kuch talab qiladi. Ammo buning mukofoti ham bor ekan. Masalan, uning o‘rnida boshqa odam bo‘lganida shuncha muammolarni ko‘rib, “bor-e” deb ketishi ham mumkin edi. Hamma ham “men borman, yoningda bo‘laman”, deb turib berolmaydi. Veysel menga “ular gapiraverishsin, hamma o‘zining tarbiyasini ko‘rsatyapti. Sen jim turaver, Xudo jim turganing qadar seni yuksaltiradi. Ular aslida sening xizmatkorlaring, sen uchun xizmat qilishyapti. Undan ko‘ra, seni yaxshi ko‘radiganlarga qara”, degan.

“Veysal avval o‘g‘limni qabul qilib, so‘ng qo‘limni so‘ragan ekan”

— Turmush o‘rtog‘im Veysel va o‘g‘lim Murodning o‘rtasida o‘zgacha “bog‘” bor. U munosabatning ichiga gohida men ham kirolmayman. Eng boshida meni ishontirgan narsa ham shu bo‘lsa kerak. Chunki ona bo‘lganlar bilishadi, farzandining mehr ko‘rayotganini his qilishi biz uchun eng katta baxt. Har bir ona farzandining bekamu ko‘st tarbiya topishini, mehrga zor bo‘lmasligini istaydi. O‘zim ham otasiz katta bo‘lganim uchun bularni yaxshi bilaman. Otam necha yil biz bilan yashamaganlar. Shuning uchun ham qisman bo‘lsa ham otasizlik qanday bo‘lishini bilaman.

Veysel menga uylanishini aytishidan avval Murodni qabul qilganini aytib bergan. Doim restoranga borganimizda Murodni ko‘tarib, o‘ynatib yurardi. O‘g‘lim ham uni juda yaxshi ko‘radi. Farzandim musiqa cholg‘u asboblarini yaxshi ko‘radi, shu sabab ikkovlari bir-biri bilan yaxshi chiqishadi. O‘zi Veysel juda bolajon inson. Shu narsa uni qabul qilishimga katta sabab bo‘lgan. Munosabatlarimiz sevgi bilan boshlanmagan — unda ham, menda ham.

U avval uylanmagan bo‘lsa ham ikki marta jiddiy munosabatda bo‘lgan, ya’ni fotiha qilingan edi. O‘zi istagan hurmat-izzat, tushunilishni ololmagani va unga ham xiyonat qilingani sababli munosabatlari buzilib ketgan. O‘sha paytlarda ikkimizning og‘riqlarimiz deyarli o‘xshash edi. Shuning uchun u boshida menga “seni emas, onaligingni, oilaga, farzandingga bo‘lgan muhabbatingni, qayerga borsang ham farzandingni o‘zing bilan olib yurishingni ko‘rib, hurmat qilganman”, degan. Munosabatlarimiz mana shunday o‘zaro hurmat va ishonchdan boshlangan, deydi xonanda.

“Erim Turkiyada 16 yilda topmagan mashhurlikni O‘zbekistondan topdi”

— Turmush o‘rtog‘im Turkiyada 16 yil davomida san’at bilan shug‘ullangan. Ammo shuncha vaqt u yerda topmagan mashhurlik va muxlislar mehrini O‘zbekistonda topdi. Shu sabab uning xalqimizga bo‘lgan mehr-muhabbati juda baland va hozirgi kunda O‘zbekistondan ketmoqchi emasmiz. Balki nasib bo‘lsa, bir necha yildan keyin Istanbulga ketishimiz mumkin, deydi u.

“Turmush o‘rtog‘im mening ortimdan tanilmadi”

— Veysel men orqali tanilmadi. Ikkimiz birgalikda bu yo‘lni bosib o‘tdik, deb o‘ylayman. Shu yergacha yetib kelguncha doim yonimda bo‘ldi. Ikkimiz ham yolg‘iz qo‘shiq aytganda emas, birgalikda duet kuylaganimizda muxlislar mehrini qozondik. Uni “men sababli tanildi” deb aytolmayman. Alloh sababchi qildi va biz birgalikda yuksaldik, — deydi xonanda Shahlo Salayeva.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.