“Vest Hem” muxlislaridan Falastinga qarshi qo‘shiqlarni kuylamaslikni so‘radi

"Vest Hem" klubi o'z muxlislaridan Falastinga qarshi qo'shiqlarni ijro etmaslikni iltimos qildi.
Chempionshipda ishtirok etuvchi "Vest Hem" futbol klubi rahbariyati joriy mavsumdagi birinchi uy uchrashuvi oldidan o'z tarafdorlarini Falastinga qarshi mazmundagi chaqiriqlar va qo'shiqlarni kuylashni bas qilishga chaqirdi. Bu haqda Al Jazeera nashri ma'lumot berdi.
Payshanba kuni, 20-avgustda e'lon qilingan rasmiy bayonotda, London klubi 1-tur doirasidagi "Byornli"ga qarshi safar o'yinida ba'zi muxlislar tomonidan "haqoratli va nifoq soluvchi" qo'shiqlar ijro etilganidan xabardor ekanligini bildirdi:
"Biz muxlislarimizni klubimiz va futbolchilarimizni baland ovozda va g'urur bilan qo'llab-quvvatlashga undaymiz. Biroq bu boshqa ishqibozlar orasida nifoq keltirib chiqaradigan yoki kimnidir haqorat qiladigan shaklda bo'lmasligi shart", deyiladi klub bayonotida.
Ma'lumot uchun, "Vest Hem" yozgi transferlar oynasi vaqtida "Tottenhem"dan isroillik vinger Manor Solomonni o'z safiga qo'shib olgan edi. Biroq futbolchining G'azodagi urush fonida Isroilni ochiqchasiga qo'llab-quvvatlashi jiddiy noroziliklarga sabab bo'lib, jamoa muxlislarini ikkiga ajratib qo'ydi.

