“Vest Hem” isroillik futbolchini sotib olgani uchun keskin tanqid qilinmoqda

“Vest Hem” isroillik futbolchini sotib olgani uchun qattiq tanqidga uchramoqda
Angliyaning “Vest Hem” klubi 27 yoshli isroillik futbolchi Manor Solomonni o‘z safiga qo‘shib olgani sababli jiddiy tanqidlarga duch kelmoqda. Futbolchining G‘azodagi urush fonida Isroilni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagani ijtimoiy tarmoqlarda muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
Premyer Ligadan tushib ketgan London klubi ushbu futbolchini “Tottenhem”dan sotib oldi. Dastlabki shartnoma qiymati 5 million funt (6,75 million dollar) etib belgilangan bo‘lsa-da, bonuslar bilan bu summa 7 million funtgacha (9,45 million dollar) ko‘tarilishi mumkin.
Isroillik futbolchining transferi ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Solomon 2023-yil oktyabr oyidagi voqealardan so‘ng o‘zining Instagram sahifasida “Isroil o‘zini himoya qilishga haqli” ekanini yozib, kuzatuvchilarini “Isroil uchun ibodat qilishga” chaqirgan edi. Shuningdek, u falastinliklarni o‘z xalqini o‘ldirishda ayblagan postlarni ham ulashgan.
Bunday xatti-harakatlar uning avvalgi jamoalarida ham muammolarni keltirib chiqargan. Xususan, 2025-yilning sentabr oyida “Vilyarreal”ga o‘tganida, ispan klubi muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda boykot e’lon qilgan edi. Keyinchalik “Sevilya”ga qarshi safar uchrashuvida stadionda Falastin bayroqlari ko‘tarilib, futbolchiga nisbatan hushtakbozlik qilingan.
Ayni paytda “Vest Hem”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham ikki qutbga bo‘lingan: ba’zilar “Falastinga ozodlik” deb yozayotgan bo‘lsa, boshqalar Isroil bayrog‘ini qoldirib, Solomonni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Klub muxlislari bu borada turlicha fikrda. Jumladan, 28 yoshli muxlis Kallum Gordon sport va siyosatni ajratish tarafdori ekanini bildirdi: “Men uni faqat futbolchi sifatida baholashni va maydonda qanday foyda keltira olishiga e’tibor qaratishni afzal ko‘raman”.
20 yoshli Lola Rayt ismli muxlis esa G‘azodagi holatni genotsid deb hisoblashini va Solomonning pozitsiyasiga qarshi ekanini ta’kidladi: “Uning yaxshi futbolchi ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo bu mavsum biz uchun jamoaviy ruh va muxlislar o‘rtasidagi bog‘liqlik muhimroq. Bu transfer har ikkala jihatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq”.
Futbolchining Isroil armiyasida xizmat qilgani borasidagi xabarlar ham tanqidlarni yanada kuchaytirmoqda. Garchan uning bevosita jangovar harakatlarda ishtirok etgani haqida aniq dalillar bo‘lmasa-da, falastinliklar uchun bu holat baribir og‘riqli qabul qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida, Falastin Futbol Assotsiatsiyasi statistikasiga ko‘ra, 2026-yilning 12-fevral holatiga qadar G‘azodagi sport hamjamiyatining 1007 nafar vakili, jumladan, 565 nafar futbolchi halok bo‘lgan. Hududdagi 265 ta sport inshootiga jiddiy zarar yetkazilgan.

