Veolia Energy poytaxtda kuzgi issiq suv oʻchirilishi sabablarini tushuntirdi

Veolia Energy poytaxtda kuzgi issiq suv oʻchirilishi sabablarini tushuntirdi
Veolia Energy Tashkent kompaniyasi poytaxtda har yili kuzda nima uchun 5 kunga issiq suv oʻchirilishiga oydinlik kiritdi.
Bunday ishlar amalga oshirilishining asosiy sababi — Toshkentdagi issiqlik tarmoqlari va yer osti kommunikatsiyalarining eskirganlik darajasi yuqoriligi boʻlib, ularning katta qismi oʻn yillar avval qurilgan. Bir mavsumda butun infratuzilmani toʻliq yangilash imkonsiz, shu bois mutaxassislarning asosiy vazifasi — tizimni ishchi holatda saqlab turish va qishda avariyalarning oldini olishdir.
5 kunlik oʻchirish vaqtida mutaxassislar sovuq kunlar boshlangunga qadar zaif joylarni oldindan aniqlash uchun magistrallarda yuqori bosim ostida gidravlik sinovlar oʻtkazadilar. Bundan tashqari, qozonxona uskunalariga toʻliq xizmat koʻrsatiladi, jumladan, qozonlar va nasoslar toʻxtatilib, tozalanadi va detallari almashtiriladi, shuningdek, yuqori qavatlarga issiqlik uzatish tizimi sozlanadi.
Kompaniyadan taʼkidlashlaricha, 5 kun — kilometrlab tarmoqlardan suvni toʻkib tashlash, taʼmirlash ishlarini olib borish, soʻngra tizimni toʻldirish va uni ishchi rejimga keltirish uchun zarur boʻlgan eng kam muddatdir. Veolia Energy Tashkent, shuningdek, infratuzilmani modernizatsiya qilish bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini, hozirgi ishlar esa qishda kommunal avariyalar xavfini kamaytirishga yordam berishini qayd etdi va aholiga tushunishgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

